Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonda boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ashxobod shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisiga otasi Malikguli Berdimuhamedovning vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqi va shaxsan oʻz nomidan yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi.
Malikguli Berdimuhamedov turkman xalqining sodiq farzandi va haqiqiy vatanparvar boʻlgani, oʻz yurtining ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
Turkmaniston Prezidenti hamdardlik uchun tashakkur izhor etib, birodar oʻzbek xalqi va uning yetakchisi ushbu musibatli damlarda dalda boʻlayotganini yuksak baholashi va qadrlashini alohida qayd etdi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Milliy Kengashining Xalq Maslahati raisi etib saylangani bilan tabrikladi, bu mamlakat taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan siyosat Turkmaniston xalqi tomonidan qatʼiy qoʻllab-quvvatlanayotganining yorqin dalili ekanini taʼkidladi.
Pandemiya bilan bogʻliq murakkab davrda Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlari ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga koʻpaydi va oʻtgan yil yakunlariga koʻra 530 million dollarga yetdi, 150 dan ortiq qoʻshma korxona tashkil etildi.
Shu bilan bir qatorda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha, eng avvalo transport, energetika, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida mavjud salohiyatni yanada toʻliq ishga solish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Xalqaro transport va tranzit yoʻlagini yaratish toʻgʻrisidagi Ashxobod bitimini bundan buyon ham birgalikda ilgari surish, shuningdek, Xitoy – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Turkiya multimodal marshrutining samarali ishlatilishini taʼminlash va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga tomonlar tayyor ekani taʼkidlandi.
Muzokaralarda xalqlarimiz yaqinligining eng muhim omili sifatida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash dolzarb ekani yana bir bor qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Turkmaniston rahbariga uning xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik munosabatlarining navbatdagi yorqin ramzi sifatida Ashxobod shahrida “Toshkent” bogʻini tashkil etish tashabbusi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Hamkorlikni kengaytirish va yangi oʻsish nuqtalarini izlash maqsadida yaqin vaqtda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga qaror qilindi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yanada mustahkamlash yoʻlida oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari asosidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashda qatʼiy ekanliklarini tasdiqladilar.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov “Turkmanboshi ruhi” majmuasiga tashrif buyurdi. Turkmanistonning birinchi Prezidenti Saparmurat Niyozov maqbarasi ziyorat etildi. Oʻtganlar haqiga Qurʼon suralari tilovat qilindi.
Majmua yaqinida Turkmaniston Prezidentining otasi Malikguli Berdimuhamedov xotirasiga bagʻishlab iftor dasturxoni yozildi. Tadbirda ikki mamlakat muftiylari, ulamo va yoshullilar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Malikguli otaning vafoti munosabati bilan xalqimiz nomidan chuqur taʼziya bildirdi. Marhumning ibratli hayoti, samarali faoliyati, savobli ishlari yodga olindi.
– Oʻzbek va turkman xalqlari qadimdan bir-biriga yelkadosh boʻlib, doʻst va birodar boʻlib yashab kelmoqda. Buyuk mutafakkir Maxtumqulining: Firogʻiyning ikki koʻzi bor, Biri turkman boʻlsa, biri oʻzbegim, degan oʻlmas satrlari ham buni tasdiqlaydi. Bugungi xotira marosimi ham ana shu azaliy qardoshlik va birodarligimizning yana bir amaliy namoyonidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Roʻzadorlar Alloh taolodan dunyoga tinchlik, salomatlik, xalqlarimizning doʻstligi va qardoshligi mustahkam boʻlishini tilab duolar qildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi yakunlandi. Davlatimiz rahbarini Ashxobod xalqaro aeroportida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qoʻydi.