Ajdodlar jasorati — mardlik maktabi, gʻurur-iftixor manbai

0
375
marta koʻrilgan.

Toshkent botanika bogʻida Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. 

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan alohida salomlashib, hol-ahvol soʻradi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi. 

Bogʻda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyasiyasi aks ettirilgan. Poyezd va harbiy texnikalar namoyish qilingan.

Ramziy sahnada mashhur oʻzbek generali Sobir Rahimov qoʻmondonligidagi diviziyaning qahramonligi aks ettirildi. Prezident faxriylar bilan birga uni tomosha qildi.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda Oʻzbekistondan 1 yarim milliondan ortiq odam qatnashgan. Butun xalqimiz tinimsiz mehnat qilib, jang maydonlariga harbiy texnika va qurol-yaroq, kiyim-kechak, oziq-ovqat yetkazib turgan. Urush hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, oʻz rizqini baham koʻrgan. 

Xalqimizning fashizm ustidan gʻalaba qozonishga qoʻshgan ulkan hissasi, bagʻrikengligi va mehribonligi hech qachon unutilmaydi.

Bayram tadbirida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan urush va mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuni hamda Gʻalabaning 74 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi. 

— Ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi koʻplab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik koʻrsatdilar. Bu soʻnmas jasorat, mana, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib kelmoqda va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Keksalarga, moʻtabar faxriylarga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekani taʼkidlandi.

— Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz. Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sogʻ-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish – hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 apreldagi «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida bu eʼtibor yana bir bor oʻz ifodasini topdi. Qarorga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. «Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat», «Eʼtibor va gʻamxoʻrlik – insoniy burch» shiorlari ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bayram tadbirida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli, folklor jamoalar, estrada xonandalari ijrosida kuy-qoʻshiqlar yangradi. 

Bunday tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlib oʻtmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.