Azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz

0
358
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Sizlarni va butun Oʻzbekiston yoshlarini bugungi qutlugʻ bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, ushbu ayyom Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida boʻlib oʻtayotgani unga yanada chuqur mazmun va koʻtarinki kayfiyat bagʻishlamoqda.

Shu kunlarda eng ulugʻ va eng aziz bayramimizni munosib kutib olish maqsadida butun mamlakatimiz boʻylab katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, kommunikatsiya va infratuzilma tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari barpo etilmoqda. Albatta, butun xalqimiz qatori sizlar ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etmoqdasiz.

Yurtimiz boʻylab 6 millionga yaqin gʻayrati baland, intiluvchan oʻgʻil-qizlarimiz ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan festivallar, barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik koʻrigi boʻldi. Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda oʻtkazib boriladi va ularda koʻtarilgan masalalar yechimi boʻyicha har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qiladi.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli toʻlqin boʻlib maydonga chiqayotganingiz yuksak tahsinga sazovordir.

Albatta, yoshlikka xos shijoat, joʻshqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib yashashi kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo  ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini koʻramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek singari ulugʻ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek maʼrifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, oʻlmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.

Bizning tomirlarimizda ana shunday ulugʻ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari boʻlish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir.

Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renassans poydevorini yaratish yoʻlida katta qadamlar qoʻymoqdamiz.

Bu borada yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratilganini taʼkidlash lozim. Ushbu maktablarda taʼlim olayotgan koʻplab oʻquvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritmoqdalar.

Misol uchun, Andijondan Durdona Muxtorxoʻjayeva, Buxorodan Firdavs Sobirov, Doniyor Ismoilov, Sirdaryodan Ilgʻor Qodirqulov, Nabixon Nabixonov, Toshkent shahridan Nodira Saʼdullayeva, Iskandar Boʻriyev, Dilshod Xoʻjaqulov, Rail Xashayev fizika, matematika va kimyo boʻyicha xalqaro olimpiadalarning oltin, kumush va bronza medallariga sazovor boʻldilar. Bunday zukko va bilimdon farzandlarimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Fursatdan foydalanib, ularning ana shunday yutuqlarga erishishiga katta hissa qoʻshgan jonkuyar ota-onalariga, zahmatkash ustoz va murabbiylariga ham oʻzimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Endigi muhim vazifamiz – mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulugʻbeklarini, xorazmiy va fargʻoniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat. Bu yoʻnalishda “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulugʻbek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi koʻrik-tanlovlar oʻtkazib, gʻoliblarni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Soʻnggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Suhbat chogʻida u kishi bir fikrni afsus bilan taʼkidladi. Yaʼni, sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo boʻyicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan.Oliy martabali mehmon Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu – katta eʼtirof, albatta.

Biz bu gʻoyat muhim yoʻnalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo ittifoq koʻmagida “Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz.

Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, gʻayratli, fidoyi oʻgʻil-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz.

Bugun shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, bunday yoshlarimizning koʻpchiligi jonbozlik koʻrsatib xizmat qilmoqda. Masalan, Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim vazifasida, Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, Odiljon Tojiyev – Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Shu bilan birga, koʻplab iqtidorli oʻgʻil-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda oʻqimoqda, ilm-fan bilan shugʻullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega boʻlgan yoshlarimizning Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh toʻlash boʻyicha yangi tizim joriy etamiz.

Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz. Buning uchun, viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydi. Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet ellarda stajirovka oʻtaydi. Shuningdek, respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida oʻz hududi va tizimiga ana shunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va ragʻbatlantirish bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

Oʻtgan yili dekabr oyida mamlakatimizda birinchi marta oʻtkazilgan Yoshlar forumi millionlab oʻgʻil-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirdi. Barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan bunday anjumanlarda yoshlarimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning aksariyati “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturidan joy oldi.

Aziz yoshlar, shu oʻrinda bir fikrni alohida taʼkidlab aytishni istardim. Biz Oʻzbekistonda har bir yilga qanday nom berishimizdan qatʼi nazar, yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratish masalasi doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi. Bundan buyon har bir viloyat, shahar va tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar tomonidan berilgan takliflar asosida, bu yoʻnalishda alohida dasturlar qabul qilinadi va ularning ijrosi yil davomida muntazam nazorat etib boriladi.

Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmogʻini olmaylik, yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik asosiy oʻringa koʻtarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.Soʻnggi 4 yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, ular 500 mingdan oshgani, buning yaqqol dalilidir.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etib, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratayotgan, oʻz mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor yoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda. Misol uchun, Samarqand tumanida – Muzrob Toshev, Rishtonda – Xurshid Normatov, Urgutda – Majidxon Islomov, Xoʻjaobodda – Nuriddin Abdurahmonov, Hazoraspda – Dilshodbek Hojiyev singari izlanuvchan yoshlarimiz havas qilsa arziydigan natijalarga erishmoqda.

Bugungi bayram munosabati bilan mana shunday salohiyatli yoshlarimizning bir guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Albatta, bunday oʻgʻil-qizlarimiz – zamonamizning yosh qahramonlaridir. Ularning dastlabki, ammo umidbaxsh yutuqlari haqida ommaviy axborot vositalarida koʻrsatuvlar, maqola va suhbatlar tashkil etib, amalga oshirayotgan ibratli ishlarini keng jamoatchilik, avvalo, tengdoshlari oʻrtasida targʻib etish ayni muddao boʻladi.

Qadrli yoshlar!

Xabaringiz bor, keyingi paytlarda kelajagimiz egalari boʻlgan oʻgʻil-qizlarimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilmoqda.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida oʻtgan 8 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari boʻlgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt puli toʻlab berildi.

Bundan buyon har qanday investitsiya loyihasining bosh maqsadi, avvalo, yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishi kerak. Bu hamma joyda oʻzgarmas qoidaga aylanishi zarur.

Yoshlarni ish bilan taʼminlash, zarur kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun joylarda hokimlar va sektor rahbarlari masʼul va javobgardir.

Xabaringiz bor, bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar oʻquvchilariga korxonalarda amaliyot oʻtagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming soʻmdan subsidiya berish joriy etilgani, yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta ragʻbat boʻldi.

Bundan tashqari, yotoqxona bilan taʼminlanmagan 62 ming nafar talabaga oylik ijara toʻlovining 50 foizini byudjetdan qoplab berish boshlandi. Shu bilan birga, bu yilning oʻzida 92 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun, 2 trillion 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hududlarda tashkil etilgan 186 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”dagi 3 mingta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 50 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Hurmatli yosh doʻstlarim!

Bugungi murakkab zamonda yoshlarni jismoniy va maʼnaviy barkamol insonlar etib tarbiyalash biz uchun gʻoyat muhim vazifa boʻlib qolmoqda. Bu borada baʼzi misollarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Keyingi bir yilda bilimli va tirishqoq yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.

Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida oʻqishga kirdi. Misol uchun, Toshkent shahridan Temurbek Sulaymonov – 26 ta, Qoraqalpogʻistondan Nursultan Duysenbayev – 16 ta, Xorazmdan Charosxon Oʻktamboyeva – 8 ta, Namangandan Robiyaxon Nabijonova – 5 ta,  Andijondan oʻrta maktab oʻquvchisi Visola Asadullayeva – 12 ta nufuzli xorijiy oliygohga oʻqishga qabul qilingan.

Taʼkidlash joizki, bunday natijalar ilgari tariximizda hech qachon boʻlmagan.

Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega boʻlgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochildi. Shuningdek, keyingi 5 yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Vaholanki, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.

Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini taʼminlashga qaratilgan amaliy eʼtiborimiz namunasidir.

Mana, kuni kecha mamlakatimizda yana bir oliy taʼlim maskani – “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etildi va unga koʻp yillar Yevropadagi eng nufuzli universitetlardan birini boshqargan germaniyalik taniqli professor rektor sifatida tanlandi.

Dunyoning yetakchi oʻquv va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan ushbu universitetga joriy yilda 300 nafar yoshlar qabul qilinadi.

Maʼlumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻyadi. Shu bois yoshlarning bandligini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Bu borada quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratamiz.

Birinchidan, har oʻquv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini taʼminlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, qanchasini ish bilan taʼminlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish belgilanishi shart. Bu bizning yoshlar bilan ishlash boʻyicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dasturimiz boʻlib xizmat qiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning gʻoya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga masʼul va javobgar boʻladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda oliy maʼlumot talab qiladigan 80 mingga yaqin boʻsh ish oʻrinlari mavjud. Misol uchun, transport, geologiya, qishloq xoʻjaligi, madaniyat, sport sohalarida bilim va malakasi yetarli boʻlaturib, oliy maʼlumoti yoʻqligi uchun minglab yoshlarimiz ishga kira olmayapti.

Shu bois joriy yilda oliy maʼlumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta koʻrib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi boʻyicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.

Uchinchidan, maktablarning 10-11-sinf oʻquvchilarini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb va hunarlarga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu borada Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash boʻyicha shakllangan tajriba barcha hududlarda keng qoʻllanishi kerak.

Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida boʻladi. Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan birga yoʻlga qoʻyiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf oʻquvchilarini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish boʻyicha roʻyxat va dasturni mahalliy kengashlarda muhokama qilib, tasdiqlaydi. Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlashi maqsadga muvofiq boʻlur edi.

Oʻylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj boʻlmaydi, buzgʻunchi gʻoyalarga berilmaydi, hayotda albatta oʻz yoʻlini topadi.

Toʻrtinchidan, qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, gʻalladan boʻshagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi.

Joriy yilda boshlagan yer islohotimiz doirasida paxta va gʻalladan qisqaradigan maydonlarda oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari uchun yana 500 ming nafar yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Beshinchidan, yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

Bunda hokimlar va sektor rahbarlari Kasaba uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligi boshlagan Olot tajribasini oʻz hududida yoʻlga qoʻyishlari shart.

Oltinchidan, axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham shunday texnoparklar barpo etiladi. Shuningdek, yoshlarning startap gʻoyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yoʻlga qoʻyilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga byudjetdan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratamiz.

Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan gʻoliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi oʻrtacha 50 million soʻmni tashkil etadi. Bu ishlarni samarali tashkil etishga Axborot texnologiyalari va Innovatsiion rivojlanish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamda ularning quyi tuzilmalari masʼul boʻladi.

Yettinchidan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash Milliy bank raisi A.Mirsoatov va bankning barcha filiallari rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Bunda yoshlarni biznesga oʻqitish, “Loyihalar fabrika”larida ilgari surilayotgan yangi gʻoyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish boʻyicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli boʻlgan yangi tizim yaratish zarur.

Shuningdek, bank tomonidan xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, oʻz biznesini tashkil etish, uy-joy sharoitlari boʻyicha yordam berishga qaratilgan ishlar yoʻlga qoʻyilishi kerak. Ana shu ishlarni moliyalashtirish maqsadida byudjetdan qoʻshimcha ravishda 100 million dollar mablagʻ ajratiladi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, avvalgi forumda ajratilgan 100 million dollar ayni paytda yosh tadbirkorlar tomonidan oʻzlashtirilmoqda.

Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish boʻyicha yangi biznes maktab tashkil etadi. Kelgusi yildan boshlab barcha hududlarda ushbu biznes maktabning filiallari ochiladi.

Ana shu yangi tizimni tashkil etish vazifasi Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqovga topshiriladi.

Aziz yoshlar!

Men har gal sizlar bilan uchrashganimda, “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” degan soʻzlarni takrorlashdan aslo charchamayman:

Oʻzingiz koʻryapsiz, dunyoda oʻqigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston yoshlari ham ana shunday yuksak darajalarga koʻtarilishi uchun biz albatta barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Bu borada ayniqsa quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Birinchidan, iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida oʻqish imkoniyati boʻlmagan yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yaratamiz.

Maʼlumki, bugungi kunda ota-onalar farzandini oliygohda oʻqitish uchun 22-28 foiz stavkada taʼlim kreditini 3 yil muddatga olmoqdalar. Lekin, bu hammaga, ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga ogʻirlik qilayotgani bor gap.

Shuni hisobga olib, yangi oʻquv yilidan boshlab barcha uchun taʼlim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaʼni, joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi. Bunga qoʻshimcha ravishda, taʼlim kreditlarini qoplash uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar daromad soligʻidan ham ozod qilinadi.

Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, oliygohdagi oʻqishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan toʻlab berish tartibi joriy etiladi.

Ikkinchidan, maktablarda oʻquvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar qilib tayyorlashimiz zarur.

Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar umumtaʼlim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanadi. Respublikamiz boʻyicha qoʻshimcha 5 mingta kompyuter sinflari tashkil etiladi.

Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi va oʻqit́uvchilar ham, ushbu dasturlar asosida qayta tayyorlanadi. Xuddi shunday tizim barcha oliygohlarda ham joriy qilinadi.

Uchinchidan, yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bunda ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qoʻshimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga toʻlagan mablagʻlari daromad soligʻidan toʻliq ozod qilinadi.

“Daftarlar”ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy tiklab olishi uchun 33 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, oʻtgan yilgi tajriba asosida “Temir daftar”da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga oʻquv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming soʻmdan moddiy yordam beriladi.

Aziz farzandlarim!

Meni doimo oʻylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir soʻz bilan aytganda, tarbiyasi bilan bogʻliq. Biz bu yoʻnalishda katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ammo ularning samaradorligini yanada kuchaytirish uchun quyidagi masalalarga jiddiy eʼtibor berishimiz zarur.

Birinchidan, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Farzandlarimizga moʻljallangan badiiy adabiyotlarni koʻpaytirish va ularning mualliflarini ragʻbatlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda mualliflarga birinchi oʻrin uchun – 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin uchun – 75 million soʻm, uchinchi oʻrin uchun – 50 million soʻm mukofot beriladi.

Ikkinchidan, bugun sizlar bilan jamoatchilikni bezovta qilayotgan ayrim muammolar yechimi boʻyicha ham fikrlashib olishimiz zarur.

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzgʻunchi va radikal oqimlar taʼsiriga tushish holatlari davom etayotgani, davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda. Oʻtgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yoshlar profilaktik hisobda turgani ham xavotirimiz bejiz emasligini koʻrsatmoqda.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan xunuk voqealar, yaʼni, joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan nomaʼqul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi. Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, oʻqituvchi va muallimlari¸ qolaversa, mahalla-koʻy, yoshlar bilan ishlaydigan masʼul mutasaddilar qayerga qarayapti?

Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy koʻrinishlarga jamiyatimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi zarur. Kerak boʻlsa, biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda boʻladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzgʻunchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech boʻladi.

Bu borada meni bir narsa chuqur oʻylantiradi. Nima uchun yoshlar tarbiyasiga  bevosita masʼul va javobgar boʻlgan tashkilotlar, ota-onalar, pedagogik jamoalar bu masala boʻyicha tezkor va prinsipial munosabat bildirmayapti?

Hozirgi gʻoyat murakkab davrning keskin talabi shundayki, har qanday imkoniyat va minbardan foydalanib, islohotlarimizga xalaqit berayotgan barcha muammo va kamchiliklarni birgalikda, ochiq va oshkora muhokama qilishimiz lozim. Chunki bu ishlarni oʻzimiz qilmasak, chetdan kelib hech kim biz uchun qilib bermaydi. Shuning uchun Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlarining yoshlar masalalari boʻyicha muovinlari, oliygohlardagi tegishli prorektorlarning maqomi, vakolati va masʼuliyatini oshirish, ish uslublarini oʻzgartirish va mutlaqo takomillashtirish kerak.

Parlament palatalari ana shunday mutasaddi rahbarlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularning hisobotlarini eshitib borish tartibini joriy etishi oʻrinli boʻlardi. Hukumat esa shu asosda ularning vakolatlarini kengaytirish, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirishi lozim.

Davlat boshqaruvi akademiyasida yoshlar masalasiga mutasaddi barcha rahbarlarning bilim va malakasini oshirish uchun oʻquv kurslari tashkil etilishi kerak. Ular oʻz viloyati va tumanlari, maktab, kollej, texnikum, oliygohlardagi yoshlarning maʼnaviy tarbiyasi uchun bevosita masʼul boʻlib, har oyda tahliliy muhokamalar oʻtkazishi va mahalliy kengashlarda hisobot berib borishi darkor.

Bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash naqadar muhim ekanini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Mintaqamiz va dunyodagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Milliy xavfsizligimiz, tinch va osoyishta hayotimizga nisbatan tahdid va xatarlar kuchaymoqda.

Mana, oʻzingiz televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻryapsiz, qoʻshni Afgʻonistondagi ahvol murakkablashib bormoqda. Bunday vaziyat Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bilan uygʻun holda olib borishni talab etmoqda. Shu bois hushyorlik va ogohlikni oshirish, oʻzaro hamjihatlik va birdamligimizni mustahkamlash, har qanday tahdidlarga munosib javob berishga tayyor boʻlib yashash hayotning oʻtkir zaruratiga aylanmoqda.

Yosh avlodning ongini salbiy taʼsirlardan himoya qilish, adashganlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish oʻzini vatanparvar deb hisoblaydigan har bir Oʻzbekiston fuqarosi, ayniqsa yoshlarning asosiy burchiboʻlib qolishi shart.

Hozirgi vaqtda milliy armiyamiz, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, chegara qoʻshinlarida xizmat qilayotgan harbiylarimiz chinakam Vatan oʻgʻlonlari, jasur ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanini amalda isbotlamoqda. Ular xalqaro harbiy musobaqalarda, jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarayotganlarini barchamiz yaxshi bilamiz.

Xabaringiz bor, harbiylarimizning jismoniy va maʼnaviy salohiyatini oshirish maqsadida Jasorat maktabini yaratishga qaror qilgan edik. Bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shu bilan birga, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Buyuk sarkardalarimizning jang sanʼati, harbiy sohadagi bilim va tajribasi, eng muhimi, vatanparvarlik fazilatlari har bir yurtimiz oʻgʻloni uchun ibrat namunasi boʻlib xizmat qilishi kerak. Ularning jangovar anʼanalarini bugun kim davom ettiradi? Sizlar, sizlar kabi millionlab farzandlarimiz, albatta.

Yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini oʻrganib, hal qilish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sportga jalb etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishimiz zarur. Shu maqsadda Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan oʻgʻloni” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish haqidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlayman. Harakatning har bir maktabda tuziladigan otryadlari jami 200 mingdan ortiq oʻquvchilarni qamrab olib, ularni tarbiyalashda asosiy kuchga aylanishi kerak.

Mudofaa va Xalq taʼlimi vazirliklari viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ushbu tizimni samarali yoʻlga qoʻyishga masʼul boʻladi.

Uchinchidan, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim sohasida oʻz iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar uchun zarur sharoitlarni yaratish hududlar hamda vazirlik va idoralar rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri boʻlishi shart.

Shu maqsadda Boʻstonliq tumanida, Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining “Yoshlik oromgohi” negizida yil davomida faoliyat yuritadigan Respublika iqtidorli yoshlar oromgohi tashkil etiladi. Oromgoh Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar agentligi tasarrufida boʻlib, uning barcha xarajatlari “Oʻzmetkombinat” tomonidan moliyalashtiriladi.

Bu maskanda, yoshlarimiz yil davomida aniq fanlar bilan birga, badiiy adabiyot, tasviriy sanʼat va musiqa boʻyicha ham bilim va malakasini oshiradi. Har yili ushbu yoʻnalishlar boʻyicha tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida festivallar tashkil etiladi.

Asrlar davomida buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan maʼnaviy xazinani koʻz qorachigʻidek asrash va uni yanada boyitish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish – barchamizning burchimizdir. Doʻppi, chopon, atlas, adras, soʻzana, kashta, dutor, gʻijjak, tanbur, doʻmbira, chanqovuz kabi milliy hunarmandchilik namunalari va cholgʻu asboblarini yoshlar oʻrtasida ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Har bir mahalla, qishloq va tumanda, maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim maskanlarida Navroʻz va Mustaqillik bayramlariga bagʻishlab, koʻrik-tanlov va festivallarni tashkil etish kerak. Shuningdek, oʻgʻil bolalarni er yigitning qanoti boʻlgan ot bilan doʻstlashib, mard va jasur boʻlib kamol topishi uchun yoshlar oʻrtasida ot sportini ommalashtirish zarur.

Ayniqsa, qorabayir zotli otlar yoshlarimiz uchun gʻurur timsoliga aylanishi lozim. Shu maqsadda har bir viloyat va tumanlarda “Chavandozlar maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Yaqinda Germaniyada ot sporti boʻyicha boʻlib oʻtgan nufuzli musobaqada samarqandlik maktab bitiruvchisi Abdurahmon Abdullayev ikkita yoʻnalishda oltin va kumush medallariga sazovor boʻldi. Xalqaro miqyosdagi yutuqlari uchun bu oʻgʻlimiz “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Bunday mohir chavandozlarni koʻpaytirish uchun tuman, viloyat va respublika miqyosida ot sporti musobaqalari, shuningdek, uloq-koʻpkari, chavgon, poyga kabi milliy oʻyinlar tashkil etiladi. Viloyat va tumanlar hokimlari hamda Milliy gvardiya qoʻmondoni bu ishlarni tashkil etishga shaxsan masʼul boʻladi.

Toʻrtinchidan, katta mamnuniyat bilan aytish kerakki, 100 nafardan ortiq yoshlarimiz keyingi oyda Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada va Paralimpiya musobaqalarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Ularning vakillari ham ushbu uchrashuvimizda ishtirok etmoqda.

Fursatdan foydalanib, isteʼdodli sportchilarimizga barchamiz birgalikda yutuq va zafarlar tilab qolamiz.

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish haqida gap ketganida, bir muammoni aytib oʻtish lozim. Hududlardagi koʻplab sport inshootlari asosan tuman va shahar markazlarida joylashgani bois chekka qishloqlarda yashaydigan yoshlar bu imkoniyatlardan foydalana olmayapti. Shu sababli joylarda sport toʻgaraklarini tashkil etayotgan murabbiylarga inventar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi, boʻsh turgan binolar imtiyozli asosda ijaraga beriladi. Shuningdek, kamida 100 nafar yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishiga erishgan murabbiylarga byudjetdan oylik toʻlash tartibi joriy etiladi.

Turizm va sport vazirligi ikki oy muddatda olis hududlarda yoshlar uchun yengil konstruksiyali va sendvich panelli sport inshootlarini barpo etish boʻyicha har bir tuman kesimida Hukumat dasturini ishlab chiqib, namunaviy loyihalar taqdimotini oʻtkazsin.

Beshinchidan, yurtimiz tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarga juda boy. Lekin, olis va chekka hududlardagi aksariyat yoshlarimiz Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Termiz, Qoʻqon, Margʻilon, Toshkent kabi qadimiy shaharlarimizni koʻrmagan, desak, toʻgʻri boʻladi.

Shuning uchun ichki turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida yoshlarning taʼtil paytida respublikamiz boʻylab sayohatlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Shuningdek, yoshlarimizni tabiatimiz durdonalari boʻlmish – Chotqol, Zomin, Surxon, Nurota, Qizilqum qoʻriqxonalariga sayohatlarini yoʻlga qoʻyish zarur.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Men bugun sizlarning intellektual, maʼnaviy va jismoniy salohiyatingizni roʻyobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizning faqat ayrimlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdim, xolos. Hammamiz tushunamizki, oldimizda turgan ulkan vazifalar yana yangi dastur va rejalar qabul qilishni talab etadi. Joylarda vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar sizlar bilan doimiy uchrashuvlar oʻtkazib, fikr va takliflaringizni muntazam eshitib boradi. Ana shunday samarali tizim asosida yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarimizni doimiy tarzda davom ettiramiz.

Koʻrib turibsizlarki, sizlar bilan birgalikda bajaradigan ishlarimizning koʻlami keng, miqyosi juda ulkan.

Biz sizlarning aql-zakovatingiz, kuch-gʻayratingiz, kelajakka ishonchingiz, Vatanga boʻlgan mehr-muhabbatingizga tayanib, marrani nihoyatda baland oldik. Ushbu vazifalarni barchamiz birgalikda muvaffaqiyat bilan amalga oshirishimizga ishonchim komil, albatta.

Bugungi kunda koʻpmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida belini mahkam bogʻlab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan yoshlarimiz – asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir.

Sizlar tom maʼnoda yurtimiz istiqboli, yorugʻ kelajagimiz bunyodkorisiz!

Mashhur shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlikdagi kuch-gʻayratni
el-yurtiga baxsh etgan yigit-qizlardan Vatan ham, xalq ham, yoshlikning oʻzi ham rozi boʻladi.

Hammangizga ana shunday ulkan baxt, ulkan sharaf nasib etsin!

Sizlarni bugungi goʻzal bayram – Yoshlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz oʻgʻil-qizlarim!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.