Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
BAA Bosh vaziri oʻrinbosari birodar Amirliklar xalqi va mamlakat rahbariyati nomidan Oʻzbekiston Prezidentini tugʻilgan kuni bilan samimiy qutladi.
Jumladan, BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning dildan tabriklari va ezgu tilaklari yetkazildi.
Suhbatda joriy yil mart oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari yuksak baholanib, ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarga kuchli surʼat bagʻishlagani, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.
Telefon orqali muloqot chogʻida moliya va innovatsiyalar sohalarida, energetika, neft-gaz va kimyo sanoatida, transport, turizm va ishbilarmonlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sogʻliqni saqlash va boshqa yoʻnalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari BAA yetakchi kompaniya va tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va bilimlaridan foydalangan holda oʻzaro manfaatli hamkorlikka doir qoʻshma dastur va loyihalarni faol ilgari surish muhim ekanini taʼkidladi.