Hamyurtimiz Bahodir Jalolov bugun professional boksdagi oltinchi jangini oʻtkazdi. AQSHning Nyu-York shtatida “NABF Junior Heavyweight Title” titul kamari uchun kechgan bahsda vakilimiz oʻz ustunligini namoyish qildi.
Amerikalik Brendan Barretga qarshi ringga koʻtarilgan Bahodir jang toʻliq yakuniga yetmasdan, aniqrogʻi, birinchi raundning oʻzida raqibini nokautga uchratdi. Taʼkidlash joiz, jang sanasiga bir kun qolganda raqib oʻzgargan edi. Biroq bu holat yurtdoshimizga sira halal bermadi.
Shu tariqa yurtdoshimiz oʻzining oltinchi jangini ham muddatidan avval yakunlab, “NABF Junior Heavyweight Title” titul kamarini qoʻlga kiritish bilan birga super ogʻir vazn toifasining reytingida yanada yuqori pogʻonaga koʻtariladigan boʻldi.
Endi bokschimiz 16-27 aprel kunlari Tailandda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun terma jamoa ixtiyoriga qoʻshiladi.