Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Buxoro viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tashrif xayrli amaldan — Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duo oʻqildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy asliyat tiklanmoqda. Ziyorat chogʻida ushbu ishlar koʻzdan kechirildi.
Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yoʻlak tiklandi. Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga sunnatga muvofiq qibla tarafdan yurib boradi.
— Yuz yil vayron boʻlib yotgan bu darvozani tiklaganimiz — oʻzlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Endi bu yerdagi har bir obidaga, xonlar dahmalariga bitiklar yozib qoʻyish kerak. Ziyoratga kelganlar qadamma-qadam tarixni oʻrganib, maʼnaviy ruh olib oʻtsin.
Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Yoʻqolib borayotgan Doniyolbiy madrasasi tiklanmoqda.
Olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur oʻrganish haqida fikr almashildi. Chet davlatlardan manbalarni olib kelish, ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Mutasaddilarga shularni qamrab olgan holda, olimlarning takliflari asosida qaror ishlab chiqish topshirildi.