Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi “Buxorobaliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Prezidentimiz xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalariga doimiy eʼtibor qaratmoqda. Hududlarning bu boradagi imkoniyatlarini oqilona ishga solish orqali mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshirilmoqda.
“Buxorobaliqsanoat” tomonidan tashkil etilgan baliq yetishtirish va uni qayta ishlash loyihasi aholini ushbu tansiq mahsulot bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Bu xalqimiz ratsionini kengaytirish, salomatligini mustahkamlash bilan birga goʻsht narxini arzonlashtirish imkonini beradi.
Qoʻshimcha yer ajratilishi va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida korxona quvvati yanada kengayadi. Chavoq yetishtirish, baliq goʻshtini dudlash, ozuqa ishlab chiqarish, sohadagi xoʻjaliklarga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Yigirmadan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz Buxoroda tabiiy koʻllar koʻpligi, ularda baliq yetishtirishni yanada koʻpaytirish mumkinligini taʼkidladi. Buxoro viloyatida bu sohani rivojlantirishga yana 100 milliard soʻm ajratish, mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berdi.