Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni aholi bandligini taʼminlash va investitsiyalar jalb qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu borada dekabr va yanvar oylarida oʻtgan yigʻilishlarda katta vazifalar belgilangan edi. Davlatimiz rahbari “2025 yil bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil boʻladi” deya taʼkidladi.
Xususan, bu yil 5 million 200 ming aholini band qilib, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish, 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 30 milliard dollardan oshirish hisob-kitob qilingan.
Yigʻilishda shu borada boshlangan ishlar va dastlabki natijalar haqida axborot berildi.
Yanvar oyida 277 ming fuqaro ishli boʻlgan. Shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 mingi tadbirkorlikka jalb qilingan.
Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 32 ta yoʻnalishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Yaqinda vazirlik va hokimliklar mutaxassislaridan iborat guruhlar Xitoyga borib, tajriba almashib keldi. Endi joylardagi imkoniyatlar aholiga tushuntirilib, daromad topishga koʻmaklashiladi.
Ish oʻrinlari va investitsiya oʻzaro bogʻliq. Bu yil qariyb 14 milliard dollarlik 8 mingta loyihani amalga oshirib, 272 mingta doimiy ish joyi yaratish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻtgan oyda yurtimizga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya kelgan. Fevral oyida ham shuncha investitsiya olib kelish, 623 ta loyihani ishga tushirish koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda loyihalar boʻyicha manzilli ishlab, surʼatni keskin oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Yil boshidan buyon eksport hajmi 1 milliard 300 million dollarga yetgan. Mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan ishlab, tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishga koʻmaklashish, yangi korxonalarni eksportga jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.