Poytaxt hokimligida Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi toshkent. uz rasmiy veb- saytida.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi aʼzolari, Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshligʻi Sherzod Xadjizadayev, Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari Ikrom Narimov hamda poytaxtimizdagi bir nechta tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yigʻilish bank tizimida uchrayotgan korrupsion holatlar, shuningdek, sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlandi.
Dastlab, poytaxtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarga toʻxtalib oʻtildi. Shu bilan birga, Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining poytaxtimizdagi banklar faoliyatini oʻrganish natijalari yuzasidan maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlariga qaramay, bank tizimida pul mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirish, firibgarlik va oʻz vazifasiga sovuqqonlik kabi holatlar uchragan. Yigʻilishda soʻzga chiqqan Toshkent shahar prokurlori oʻrinbosari bank tizimida uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili toʻgʻrisida axborot berdi.
Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshligʻi Sherzod Xadjizadayev hamda poytaxtimizdagi bir nechta tijorat banklari rahbarlari bank tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdilar.
Atroflicha muhokamadan soʻng, bank tizimi mutasaddilariga korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik, bu borada rahbar-xodimlarning xabardorligi va masʼuliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.