Banklar aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilishda faol boʻladi

0
18
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda banklar faoliyati mahallagacha tushirilgani oʻz natijasini berayapti. Xususan, Namangan viloyati Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, ularga yordam bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli boʻldi. Kambagʻallar soni 6 mingga kamaydi.

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirildi, 12 ming odam oʻz tomorqasidan daromad topishni oʻrgandi.

Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 13 ming 500, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida 28 ming ish joyi yaratildi. Bularning hisobiga qoʻshimcha 10 mingdan ziyod aholi kambagʻallikdan chiqarildi.

Umuman, mazkur 4 ta – Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari doirasida yil boshidan buyon 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega boʻlgan. Jami rasman band boʻlganlar ilk bor 10 million 500 ming nafarga yetgan.

Bundan tashqari, Xoʻjayli, Asaka, Vobkent, Bulungʻur, Yangiyer, Qoʻshtepa, Shovot kabi 57 ta tumanda ishsizlik 5 foizdan pasaygan.

Markaziy bank va joylardagi banklar bu ijobiy tajribalarni kengaytirib, xalqqa madad boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

– 2025 yil bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda shu boradagi yangi imkoniyatlar va rejalar koʻrib chiqildi.

Oxirgi 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega boʻlgan. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochgan. Endi banklar mana shunday sinovdan oʻtgan mijozlarini qoʻllab-quvvatlab, kichik va oʻrta biznes darajasiga olib chiqishi kerak.

Shu bois ularga “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million soʻm kredit beriladi. Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholi ishli boʻladi.

Ilgari banklar oilaviy tadbirkorlik dasturlariga mablagʻni faqat davlatdan olgan. Xalq banki tashabbus qilib, Osiyo taraqqiyot banki bilan “moliyaviy ommaboplik” dasturi doirasida 50 million soʻmgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berayapti.

Ushbu namuna asosida, kelgusi yil 9 ta davlat banki 1 milliard dollar kredit berib, 250 ming odamni daromadli qilishi mumkinligi aytildi. 

Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayapti. Kelasi yil 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik boʻyicha shunday kooperatsiyalar tashkil qilinadi. Bunga 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Ham investitsiya olib keladigan, ham koʻp ish oʻrni yaratadigan startap loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi. Buning uchun davlat banklari venchur kompaniya tuzib, mahalla startaplariga oʻz mablagʻidan jami 50 million dollar ajratadi. Har bir bank xususiy sherik topib, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ochadi.

Yigʻilishda ogʻir tumanlarda ishsizlikni kamaytirish masalasiga alohida yondashildi. Ularga boshqa hududlardan tajribali tadbirkorlar jalb qilinib, loyihalari uchun yengil kreditlar hamda infratuzilmasiga qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi. Bu 1 million 300 ming aholini daromadli qilish imkonini beradi.

Davlat infratuzilma qilib bersa, tadbirkorlar qoʻshimcha 31 trillion soʻmlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish tashabbusini bildirgan. Kelgusi yilda ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion soʻm ajratilishi belgilandi.

Yana bir tahlil: 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani sababli samarasi pastligicha qolmoqda. Shu bois bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, yetakchi tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga beriladi. Yer egasiga ijara haqi va mahsulotni sotishdan ulush toʻlanadi. Ekin ekmagan aholiga yerini boshqasiga ikkilamchi ijaraga berish haqida majburiy talabnoma kiritiladi. Kelasi yil taqsimlanadigan 100 ming gektar yer ham shu tartibda ajratiladi.

60 ta ilgʻor shahar-tuman ishsizlik va kambagʻallikdan xoli boʻlish imkoniyatiga ega. Buning uchun kelgusi yilda ulardagi 2 million aholini band qilib, 417 mingta oilani kambagʻallikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.

Bu maqsadlarga erishish uchun banklar moliyaviy mustahkam boʻlishi kerak. Shu bois faqat davlat beradigan pulga bogʻlanib qolmasdan, tashqi manbalardan 6 milliard dollar jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, kelasi yili aholi omonatlarini 11 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Huquqiy asos yaratilgani uchun bu yil 5,5 trillion soʻmlik mikromoliya va faktoring xizmatlari koʻrsatilgan. Bu asosdan foydalanib, endi davlat banklari ham oʻzining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochishi, unga xorijiy investorlarni jalb qilishi mumkin.

Yigʻilishda banklar oldidagi muammolar ham tahlil qilinib, hal qilish choralari koʻrildi.

Masalan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Ular sotilsa, qoʻshimcha resurs va 150 mingta ish oʻrni uchun zaxira paydo boʻladi. Shu bois banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirishga ham koʻp vaqt ketayapti. Shuning uchun bu boradagi qonunchilikni oʻzgartirish, unda garovga nisbatan bank huquqlari ustuvorligini hamda undiruvga qaratilgan mulklar tezroq sotilishini nazarda tutish zarurligi aytildi.

Hokimliklar bilan banklarning mahallalarda muvofiq ishlash tizimi koʻrsatib oʻtildi. Bunda tuman hokimlari loyihani joy va infratuzilma bilan taʼminlash majburiyatini oladi, banklar esa tadbirkorlar loyihalariga koʻmaklashadi, muammosi boʻlsa, hal etadi, ishsizlarni biznesga jalb qiladi.

Shu maqsadda mahalla bankirlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Ular mahallaning biznes imkoniyatlarini oʻrganadi, odamlarning gʻoyalari va qobiliyatini loyihalarga aylantiradi. Aholiga moliyaviy tartiblarni, mahsulot va xizmatlarini sotishni oʻrgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.

Umuman, jahon iqtisodiyotidagi bugungi murakkab sharoitda moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy masʼuliyatni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda hokimlar va bank rahbarlari 2025 yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha hisob-kitoblarini aytdi. Muloqotda hududlardagi ijobiy tajribalar, mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.