Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish bankining investitsiya faoliyati hamda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga oid taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda investitsiya jarayonlari faol, iqtisodiy loyihalar talay. Shunga mos ravishda banklarning bundagi ishtiroki oshib, investitsion faoliyati kengayib bormoqda.
Taqdimotda “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish bankining shu boradagi joriy yilgi rejalari koʻrib chiqildi.
Xususan, “Asakabank” bu yil loyihalarga 2,1 milliard dollar jalb qilib, ularni toʻliq oʻzlashtirishni maqsad qilib qoʻygan. Bundan tashqari, farmatsevtika va avtomobil sanoatida jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.
Shuningdek, “Asakabank” ishtirokida 285 ming aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali ularning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish moʻljallangan.
Biznesni rivojlantirish bankining taqdimotiga koʻra, 2024 yilda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va investitsiya loyihalariga jami 1,5 milliard dollar jalb qilinadi. Shundan 225 million dollari xalqaro moliya institutlaridan olib kelinadi. Ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish orqali yil yakunigacha jami 47 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, aholining biznes gʻoyalarini moliyalashtirish orqali 380 mingta oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bankning oʻqitish dasturlari bilan 70 mingdan ortiq aholini qamrab olish belgilangan.
Davlatimizning faol tashqi siyosati natijasida hamkor mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan koʻplab kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, “Asakabank” ishtirokida 772 million dollarlik 87 ta, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 485 million dollarlik 45 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Taqdimotda ushbu muhim loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari banklar barcha mijozlari bilan manzilli ishlab, loyihaning har bir bosqichida koʻmaklashishi zarurligini, buning natijasi yangi ish oʻrinlari yaratilishi va mahallalarda kambagʻallikning qisqarishida oʻz ifodasini topishi kerakligini taʼkidladi.
Banklar oʻz ishini yangicha tashkil qilib, faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki oʻzi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan zamonaviy investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Taqdimotda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash jarayonlarini raqamlashtirish va ularning shaffofligini yanada oshirish, zamonaviy dasturiy yechimlar va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi.