Baxshichilik sanʼati – xalqimizning qadimiy qadriyati!

0
1184
marta koʻrilgan.

“Xiva – Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” maqomini olganligi munosabati bilan TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisi doirasida Xorazm viloyatida oʻtkazilgan  goʻzal tadbirlar ruhi, shukuhi, orombaxsh quvonchi  Nukusga II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasidagi tantanalarga koʻchdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 apreldagi «II xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga tayyorgarlik koʻrish va baxshichilik sanʼatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan 17-20 sentyabr kunlari Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazilmoqda.

Anjuman munosabati bilan koʻplab mamlakatlardan baxshilar, sayyohlar va boshqa mehmonlar Nukusga tashrif buyurishgan. I.Savitskiy muzeyi qarshisida har bir viloyat paviloni tashkil etilgan boʻlib tashrif buyuruvchi mehmonlar hududlarning milliy qiyofasi, qadriyat va anʼanalari bilan tanishish imkoniga ega boʻlishmoqda.

Festivalning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilariga tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov oʻqib eshittirdi.

Asrlar osha ohorini toʻkmay bizgacha yetib kelgan xalq ijodiyoti namunalari, dostonlar, termalar, afsona va asotirlarda ajdodlarimizning ezgu orzu-umidlari, insonparvarlik gʻoyalari, hayotiy qarashlari oʻz ifodasini topgan. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda milliy qadriyatlarimizga murojaat etilayotgani zamirida bebaho madaniy merosimizni asrab-avaylash, uni targʻib etish, yoshlarda ehtirom tuygʻularini uygʻotish maqsadi mujassam. Bu jihatlar maqom, baxshichilik, hunarmandchilik festivallari timsolida hayotimizdan tobora chuqur joy olmoqda.

Baxshichilik – sheʼriyat, musiqa, ijrochilik mahoratini oʻzida mujassam etgan bebaho sanʼat. Qadimiy dostonlarimiz juda uzoq oʻtmishga borib taqalishi haqida tarixiy manbalar, shu bilan birga Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy kabi allomalar asarlarida koʻplab dalillar bor. Baxshichilik sanʼati xalq ogʻzaki ijodining turli shakllari – soʻz oʻyinlari va qochirimlar, xalq maqol va matallaridan unumli foydalanishga asoslanadi. Tinglovchini oʻziga rom etuvchi ohang dostonni jozibali va qiziqarli qiladi. Bu esa baxshilardan katta isteʼdod, kuchli mahorat va xotirani, muntazam mashq qilishni talab etadi.

Baxshilarimiz merosi juda boy va rang-barang. Masalan, Poʻlkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yod bilgan. Har bir doston oʻn-oʻn besh, hatto yigirma ming misragacha sheʼrni ham oʻz ichiga olishini hisobga olsak, xalq baxshilarining hayratomuz yodlash va esda saqlash qobiliyati, ijro qudrati oʻz-oʻzidan ayon boʻladi.

Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi, Abduqahhor va Abdumurod Rahimov, Shomurod Togʻayev, Ziyodulla Islomov, Norbek Abdullayev, Qalandar Normetov, Qodir Rahimov kabi baxshilarimiz baxshichilik sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshdi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm va Qoraqalpogʻistonda baxshichilik sanʼati rivojlangan. Hozirgi kunda Bulungʻur, Shahrisabz, Qamay, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun, Xorazm va Qoraqalpoq dostonchilik maktablari betakror ijrosi bilan ajralib turadi. «Alpomish», «Goʻroʻgʻlining tugʻilishi», «Ravshan», «Kuntugʻmish», «Rustamxon», «Oshiq Gʻarib va Shohsanam», “Avazxon” kabi oʻnlab dostonlar xalq ruhini, uning teran maʼnaviyatini oʻzida aks ettiradi.

Nukusda oʻtayotgan II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida 22 davlatdan 100 dan ortiq baxshi, oqin va jirovlar, badiiy jamoalar qatnashmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududidan kelgan ijrochilar oʻz sanʼatini namoyish etyapti.

Nukusda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida koʻplab tadbirlar oʻtkazilmoqda. “Baxshichilik sanʼatining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, festival ishtirokchilari uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Xalq uchun” milliy operasi namoyishi,  «Orol baliqlaridan 99 xil taom» xalqaro gastronomik festivali va Moʻynoq tumanidagi madaniy meros obyektlariga ekskursiyalar  tashkil etilmoqda.

R. SAPAYEVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.