Bekposhsha XOʻJAYEVA : OPAYALAR (hikoyaning davomi)

0
11
marta koʻrilgan.

Kishjon oybikam

Kishjon opayamiz ham, albatta, ismini oʻzgartirishga qasam ichib qoʻydi. Toʻgʻrida, Kishjon. Guyo shu nom keyin qiz tugʻilishini toʻxtatib qoʻyadiganday!

Shu oybikamning ham feʼli ogʻir-da. Oramizdagi farq bor yoʻgʻi oʻn bir oy. Bir sinfda oʻqiymiz. Menga opalik qilgani qilgan. Sinfdoshlarim orasida tergagani yetmaganday, oybika deysan deb xarxasha qiladi. Buvim menga yalinadi:

-Oybika desang kamayib qolasanmi, baribir sendan oldin dunyoga kelgan. Aytishni xoxlaysanmi, yoʻqmi, baribir oybikang! — deydi.

Aslo! Undan yaxshi oʻqiyman. Sinfboshiman. Darslarini tayyorlashga yordam beraman. Oybika demayman. Koʻchini koʻtarsin!

 Oʻzim haqimda

Mening ismimga kelsak. Har kim har xil ohangda chaqiradi. Buvim bilan otamning tilidan mayin eshitiladi. Onamning tilidan xiraroq chiqadi. Qoʻshnimiz Xoljon xola Oʻgʻilposhsha deb chaqirsa jon-ponim chiqadi. U har kuni sigir sogʻishmizdan ikki soatlar oldin bir litrli banka va pulni ayvondagi stolga qoʻyib:

-Oʻgʻilposhshaga aytarsizlar, sutni olib chiqib bersin, — deb ketadi.

Koʻpchilikmiz. Otam bechora ikki smenalab mehnat qiladi. Onam ishdan kelib, buyurtmachilarning kiyimlarini tikadi. Buvim boshchiligida biz qizlar oʻzlarimizga taqsimlangan yumushlarni bajaramiz. Ikkita sigirimiz bor. Shahar joyida mol boqishning oʻzi boʻladimi? Toʻgʻri, xovlimiz shahar chekkasidagi mahallada. Yopning narigi betidan qishloq boshlanadi. Lekin shu tomonda yashovchilar ham  sigirlarimiz sutiga buyurtma beradilar. Sogʻib oladigan sutdan ichish bizga kamdan kam nasib etadi. Biz oʻzimizni goʻyo sut ichishni yoqtirmaydiganday koʻrsatamiz. Negaki, sutdan keladigan pul ham harna oilaga yordam deb bilamiz.

Eshigimiz oldiga eski katta togʻora qoʻyganmiz. Qoʻshnilarga raxmat. Qovun — torvuz sabzi piyoz poʻchoqlarini isrof qilmay togʻoraga toʻkib ketadilar. Yoʻldosh aka esa yogʻ zavodidan olib chiqadigan sheluxa shrotlarini bizga pullaydi. Oʻzi faqat hoʻkiz boqadi. Uning yolgʻizgina arzanda qizi bor. Shukurjon. “Mijanam” deb erkalashini eshitgan sinfdosh bolalar uni “Sangʻaroq” deb chaqiradilar. Buning-da sababi bor.

Shukurjon oʻrikning sangʻaroqini chaqib, mijanasini yeyishni xush koʻradi. Bechora onasi shu qizi uchun yozda oʻrik, qishda oʻrik qoqi xarid qilib, danagini ajratib qoʻyadi. Shukurjonning kichkina bolgʻachasi bor. Temirtosh ustiga qoʻyib charq-churq chaqib, shu yerning oʻzida danagidan ajratib, magʻzini tiqirlatib chaynab, huzur qilib yeb oladi. Ota-onasi erkatoylarini sogʻlom ulgʻayishi uchun jonini tikishga tayyorlar.

Shukurjon bilan moshimiz pishmaydi. Tantiq qiz kuniga nimanidir yangidan kiyadi. Koʻylakmi, oyoq yo bosh kiyimmi. Sinfdosh qizlar “Oʻoʻoʻoʻ zoʻr”-deyishadi. Men parvo  qilmayman. Bir-birimizni tan olmaymiz. Koʻpincha janjallashib qolamiz. Shunda u meni “Oʻqqi, mushugimni …..qqi!” deb haqoratlaydi. Jim turarmidim. “Shukur Shukur Shukona, yugurib bordi doʻkona, doʻkon bosh  b…. boʻldi, Shukurjonim yoʻq boʻldi”, deb etagimni silkitib, uyga kirib ketaman.

Bizni qarama qarshiligimiz shundan iborat: Shukurjonning onasi unga nuqul meni ibrat qilib koʻrsatadi. Har jihatdan. Oʻqishdan, uy ishlarini bajarishimdan. Ozoda kiyinishimdan. Shukurjonning yangi kiyimi bir zumda eski tusga kiradi. Ayamaydi. Ishonsangiz mengina bechoraga yangi ust bosh nasib qilmagan. Faqat opayalarimning eskisi bilan oʻngʻishaman. Bizda udumga kirgan. Sulton opamga sifatli, toʻzishga aqli yetmaydigan kiyimbosh harid qilinadi. Keyingi yili Gulposh opamga, keyin Hurposh, Chinga, ishqilib, barchamizga, mendan keyin Toʻxtaposhshogacha kiyadi. Soʻngra esa yuvilib, tozalanib koʻrpachalarga astar qilinib, xontaxta atrofini bezaydi.Qalinlari esa ixchamlashtirib bolishga aylantiriladi. Bizda biror narsa chiqitga chiqmaydi. Na bir poʻchoq, na bir non ushogʻi. Daftarlarimizning soʻngi varagʻigacha toʻliq ishlatamiz. Va shu qogʻozdan ham unumli foydalanamiz. Qay tarzda dersiz?

 Yana Chiniposhshamiz toʻgʻrisida

Qoʻshnimiz Xoljon onaning uyida pedagogika bilim yurtida tahsil oladigan qizlar ijarada turadi. Bir gal Chini opayamiz ularning oldiga kirib, qogʻozlardan choynak-piyolalar bunyod etayotganlarini koʻribdi. Qiziqibdi. Yordam beribdi. Xamirdan foydalanib jismlardan shakl, nusxa olishlarini kuzatibdi. Xushyoqmas oybikam chaqqonlashib ketdi. Har kuni qizlarning oldiga shoshadi. Bunday yasamalar butafor deb atalib, boʻlajak bogʻcha opalarga qoʻllanma sifatida oʻrgatilar ekan.

Opayamiz jarayonga kirishgandan kirishdi. Toʻplab qoʻyadiganimiz eski daftarlar, hatto otam majburiy obuna boʻlib, xech birimiz oʻqimaydigan gazetalargacha foyda berdi. Oybikam xuddi rostakamiga oʻxshatib qovun, torvuz, mevalar, oʻyinchoqlargacha yasashni boshladi. Chiroyli chiqqanlarini xushyoqmas talabalarga pullaydi. Xunuklari Toʻxtajon singlimga qoladi. U ham chiqonlari bilan xola-xola oʻynadi va arzimas chaqaga sotib yuboradi. Toʻplangan tiyinlar baraka ato etib Chini oybikam oʻz mablagʻiga shakar xarid qiladi. Hech kimga bermaydi. Qizgʻanchiqmi? Aslo!

Uyimizning roʻparasida qoʻshnimiz Tanzila opa yashaydi. Tatarcha pishiriqlarning ustasi. Toʻy qiladigan millatdoshlari unga buyurtma beradilar. Opa esa bizni koʻmakka chaqiradi. Uy yumushlaridan qochadigan Chingulimiz bajonu dil yordamga shoshadi. Qisqa vaqt ichida chak-chak, turli xil bulochka, pechenyelarni pishirishni oʻrganib oldi. Yigʻib qoʻygan shakarlarini shunga ishlatdi. Buvimdan iltimos qilib sigirimizning sutidan ozroq olib qoladigan va katiq uyutadigan, pishiriqlariga ishlatadigan boʻldi. Mahsulotini, asosan, talaba qizlarga pullaydi. Bizlarga kuygani, chala pishgani yetadi.

Qizlar har shanba kuni tumanlarga, uylariga ketadilar, dushanba ertalab, toʻlib toshib qaytadilar. Ota-onalar oʻzlari yemasalarda qizlarini toʻq yurishini taʼminlash uchun tuxumdan tortib non, goʻsht-yogʻu, sabzi-piyoz, guruchgacha beradilar.

Gurlanlik Shodmonjon  guruchni koʻproq keltiradi. Chini oybikamning pishiriqlariga alishadi. Hafta oxiriga buyurtma beradi. Aytishicha uyidagi barchaga oybikamning pishiriqlari yoqib qolibmish. Momosi shu qizni Sedamatga( Saidaxmad boʻlsa kerak) kelin qilamiz deganmish. Mening buvimga esa ularning guruchi yoqib qoldi. Yoshlik chogʻlarida buvam yetishtirgan sholidan chiqadigan guruchning taʼmiyu, barakati bormish. Ilgari ishyoqmas deb urushib yuradigan Chiniposhsha oybikamni buvim boshiga koʻtarib alqaydigan boʻldi.

-Epli qizim kerakmi, sepli?

-Sepi na kerak eplisi yaxshi-deb qoʻyadi.

 davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.