Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiya safari doirasida turkiyalik bir guruh olimlar bilan uchrashdi. Istanbulning eng nufuzli universitetlaridan biri boʻlmish Beruniy universitetida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Marmara fondi prezidenti Akkan Suver, Beruniy universiteti rektori Adnan Yuksel, professor Bekir Karligʻa hamda bir qator davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Adnan Yuksel oʻzbekistonlik mehmonlarni qarshi olarkan ilmi, ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlar biz uchun juda aziz va qadrlidir,- deya vazir tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.
Doʻstona uchrashuv davomida Turkiya va Oʻzbekiston hamkorligida suratga olingan “Beruniy” nomli hujjatli film namoyishi hamda turk va ingliz tillarida chop etilgan “Beruniy” kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi. Mazkur asar oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. Hujjatli filmda allomaning bolaligidan to buyuk mutafakkir boʻlib yetishgunga qadar boʻlgan davr aks ettirilgan.
Muloqot chogʻida universitet rektori qayd etganidek, buyuk qomusiy olim Abu Rayxon Beruniy ilm-fan sohasida katta meros qoldirgan alloma, matematika va astronomiya ilmining bilimdoni sifatida Sharq va Gʻarbda eʼzozlanadi. Shuning uchun ham buyuk mutafakkir haqida hali koʻplab ilmiy ijodiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi, uning ilmiy asarlari talabalar, professor olimlar tomonidan chuqur oʻrganiladi.
Shu oʻrinda Madaniyat vaziri ham koʻrsatilgan yuksak ehtirom, iliq doʻstona munosabatlardan mamnun ekanligini bildirdi. “Beruniy” kitobi hamda hujjatli filmi uchun oʻzbek xalqi nomidan minnatdorlik izhor etdi.
– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va yaqin doʻstlik rishtalarining mustahkamlanganligi, ikki davlat rahbarlarining bir-biriga qoʻl bergani, biz ijodkorlar uchun ham juda katta hamkorlik eshiklarini ochdi. Bu madaniy va maʼrifiy sohadagi faoliyatimiz bizning qardosh va birodar millat boʻlib, birgalikda boshlagan katta ezgu ishlarimizning debochasidir. Xalqingiz bilan qiladigan ishlarimiz hali juda koʻp. Bugun turk dunyosi oʻzining “Men”ini ayta boshladi. Jahon taraqqiyotida, islom sivilizatsiyasida, ilmiy madaniyatning yuksalishida, butun turkiy xalqlar bir ovozdan “Men” deyishi yoʻlida Oʻzbekistonning ulushi juda katta. Va bu turk dunyosi uchun manfaatlidir,- dedi Nazarbekov.
Turk xalqining, turk olimlarining yurtimiz farzandi, buyuk alloma Beruniyga koʻrsatgan ehtiromlari bizda, yoshlarimizda faxr tuygʻusini yana bir bora his qildiradi. Beruniydek buyuk allomalarning nomi, yurtini ulugʻlaganlarning yaxshiliklari va ezgu ishlari hamisha dillardan dillarga koʻchaveradi.
GUJUM.UZ