Sherobodning anorlari yirik-yirik va mazali, hosildor boʻladi. Shu bois uning bozori chaqqon, dovrugʻi chet ellargacha ketgan. Bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyat, aholi uchun daromad manbai boʻlayotir. Tumanda 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan.
Tumanda 5 mingdan ziyod aholi anor yetishtirish bilan shugʻullanib, undan katta daromad topayotgani aytildi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida tumanning «Kattabogʻ» mahallasida anorchilik bilan shugʻullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham boʻlib, aholi turmushi va tomorqalardan foydalanish holati bilan tanishdi. Mahalla ahli, nuroniylar bilan samimiy suhbat boʻldi.
Asosiy maqsadimiz — oilalarning daromadini koʻpaytirish. Oʻzi mehnat qilib, natijaga erishgan oila barakali boʻladi, sogʻligʻiga qaraydi, farzandlarini yaxshi oʻqitadi. Bilimli bolalar kelajakda oʻz yoʻlini topib oladi, — dedi Prezident.
Shuningdek, anorchilik bilan shugʻullanayotgan Karimovlar oilasining kichik aʼzosi bilan ham dildan suhbatlashdi.
— Qizim, siz oʻqimishli boʻlib, kelajakda yaxshi doʻxtir, muallim boʻlsangiz, mening hozirgi eng katta niyatim — shu. Kelishdikmi?!- ruhlantirdi qizaloqni.