Fargʻona shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida yigʻilganlarni, butun xalqimizni Ramazon oyi hamda yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi.
2018 yili Fargʻona viloyatida sanoat 8 foiz, xizmat koʻrsatish 9 foiz, oʻzlashtirilgan investitsiyalar 1,5 barobar oʻsgani qayd etildi. Lekin aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot respublika koʻrsatkichidan ancha pastligi, Qoʻshtepa, Furqat, Oltiariq, Fargʻona, Yozyovon tumanlarida sanoat rivojlanmagani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois viloyatni 2019-2020 yillarda rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 26 trillion 401 milliard soʻmlik 643 ta loyihadan iborat yangi hududiy investitsiya dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida 2,5 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi va 31 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
Masalan, Beshariq tumanida «Fargʻona Yasin qurilish mollari» korxonasida 200 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, joriy yilda 800 ming tonna va keyingi yildan 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qoʻqon shahrida «Indorama» kompaniyasining 70 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasi hisobidan Qoʻqon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinib, fosforli oʻgʻit ishlab chiqarish quvvatlari 100 ming tonnadan 375 ming tonnaga yetkaziladi. Uchkoʻprik tumanidagi «Shaffof omadli sanoat» korxonasida jami 30 million dollar sarmoya hisobidan avtomobillar uchun yiliga 350 ming dona gaz ballonlari hamda 2020 yildan yuk koʻtaruvchi elektr karalar, mini-traktorlar va qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun uskunalar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Bunday loyihalar koʻp.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga dasturdagi har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlab, ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
— Fargʻona viloyati investitsiya olib kelish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir yil favqulodda holatda ishlaydi. Kelgusi yil may oyigacha hokimliklar ham, tegishli vazirliklar ham hisobot beradi. Bir yil shu tizimda ishlasak, hammasi ayon boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.