Pekin shahrida «Bir makon, bir yoʻl» ikkinchi xalqaro forumi rasman ochildi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Anjumanni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochib, unda ishtirok etayotgan barcha delegatsiyalar rahbarlari, koʻp sonli ekspert va tahliliy doiralar vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Xitoy Raisi BMT, ShHT, Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamkorligida amalga oshirilayotgan «Bir makon, bir yoʻl» loyihasi turli mamlakatlarning milliy taraqqiyot strategiyasiga mos kelishini, shu jihatdan butun dunyoda iqtisodiy rivojlanishga keng yoʻl ochishini taʼkidladi.
Forumning ochilishida xalqaro savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, yangi transport va logistika yoʻlaklari yaratilishini ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalar xususida soʻz yuritildi. Ushbu loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlar safi kengayib borayotgani, bu dunyoda barqaror rivojlanishga intilish kuchayayotganini ifoda etishi taʼkidlandi.
Maʼlumki, «Bir makon, bir yoʻl» xalqaro forumi ilk bor 2017 yilda oʻtkazilgan. Xitoy ilgari surgan mazkur tashabbus ikki yoʻnalish — quruqlik va dengiz yoʻllarini rivojlantirish va oʻzaro bogʻlash orqali davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Hozirda u Osiyo, Yevropa va Afrikadagi 65 mamlakatni qamrab olgan. Kelgusida unga boshqa davlatlar ham qoʻshilishi natijasida global iqtisodiy makonga aylanadi.
Bu galgi forumda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish borasidagi sheriklikni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalarni ilgari surish, ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Forum ikki kun davom etadi. Unda Oʻzbekiston Prezidentining nutq soʻzlashi ham rejalashtirilgan.