Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qoʻydi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻz ajdodlari, fidoyilarini eʼzozlagan xalq hamisha hurmatga sazovor. Afsuski, tariximizda millat yetakchilarining tirikligida ulugʻlanib, dunyodan oʻtganidan soʻng qoralangan holatlari ham boʻlgan. Bu koʻp jihatdan keyingi avlodlarning vijdoni va mardligiga bogʻliq.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlgan birinchi kundan Islom Karimovning ezgu ishlari davom ettirilishini aytgan edi, uning xotirasini abadiylashtirish boʻyicha qarorlar qabul qildi, maqbarasi barpo etildi. Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash anʼanaga aylandi.
«Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni qancha eʼzozlasak, xalqimizga, yoshlarimizga maʼnaviyat yetkazgan boʻlamiz», degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi tadbir ham shuning bir ifodasi boʻldi. Qurʼon oyatlari oʻqilib, duo qilindi. Islom Karimovning xalqimiz manfaati yoʻlida qilgan ishlari, mardlik, odillik, kamtarinlik hislatlari yodga olindi.
Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qoʻyildi.