Birinchi yarim yillikda kutilayotgan natijalar tahlil qilindi

0
119
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada joriy yilning birinchi yarim yilligida kutilayotgan natijalar va sifat oʻzgarishlarini tahlil qilishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.    

Faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga investitsiyalar, eng avvalo toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar yoʻnaltirilayotgani, tadbirkor va investorlarga har taraflama amaliy koʻmak berish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlar joriy qilinib, izchil amalga oshirilayotgani natijasida yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlanayotgani qayd etildi. 

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 5,4 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qurilish-pudrat ishlari 9,6 foizga va xizmatlar hajmi 13,9 foizga oʻsishi kutilmoqda. Ushbu natijalarda, avvalo, oʻzlashtirilgan investitsiyalar qariyb 1,5 barobar oʻsgani eng muhim omil boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Shu bilan birga, barcha tarmoq va hududlarda toʻliq foydalanilmayotgan rezervlar hali koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Ularning rahbarlariga zamonaviy korxonalar va yangi ish oʻrinlari tashkil etish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini kengaytirib, qoʻshimcha tushumlarni ijtimoiy va kommunal sohalarni rivojlantirish, qishloq va mahallalarni obod qilish, aholining hayotini yaxshilashga yoʻnaltirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.

Davlat rahbarining hududlarga tashriflari doirasida ishlab chiqilgan dasturlar hamda aniq investitsiya loyihalari ijrosini jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish, shuningdek, yangi loyihalarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Shuningdek, yigʻilishda shahar va tumanlarning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida uy-joylarni taʼmirlash va aholi punktlarini obodonlashtirish, ichimlik suvi, elektr energiyasi tarmoqlari, mahalliy va ichki yoʻllarni qurish-taʼmirlash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar holati koʻrib chiqildi. Zarur moliyaviy va boshqa resurslarni oʻz vaqtida ajratish hamda oʻzlashtirish, belgilangan ishlarni sifatli bajarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Har bir tarmoq va hududni rivojlantirish boʻyicha koʻzlangan marralar va aniq vazifalarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash uchun tegishli rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralari belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.