Birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar va yil yakunigacha moʻljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi

0
33
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Avvalo, bajarilgan ishlar qisqacha aytib oʻtildi. Joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaygan. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xoʻjaligi 3,8 foizga oʻsgan. Byudjet daromadlari ham 113 trillion soʻmga yetib, 14 foiz oshgan.

Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qoʻshilgan qiymat 567,4 trillion soʻmga, yaʼni 45,1 milliard dollarga yetgan. Bunday raqamlar ilgari boʻlmagan.

Oʻtgan davrda jami kapital qoʻyilmalar 229 trillion soʻmni tashkil qilgan. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiyadir. Andijon, Buloqboshi, Qorakoʻl, Karmana, Davlatobod tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlari investitsiyasi 100 million dollardan, Sharof Rashidov, Forish, Yangi Namangan, Ohangaron tumanlarida esa 70 million dollardan oshgan.

Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratilgan. Tadbirkorlik uchun 82 trillion soʻm kredit va 15,5 trillion soʻm subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Yengillik va imtiyozlar tufayli tadbirkorlarda 56,3 trillion soʻm mablagʻ qolgan.

“Yashil energetika” sohasidagi ishlar ham natija bera boshladi. Hozirgacha ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yarim yillikda 1,6 milliard kilovatt “yashil energiya” olindi. Bu yarim milliard kubmetr gazni tejash imkonini berdi.

Shu yilning oʻzida mahallalarni obod qilish, bogʻcha, maktab, tibbiyot, yoʻl, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion soʻm ajratilgan. Bunga qoʻshimcha yana 1,5 trillion soʻm beriladi.

Oʻtgan olti oyda 18 ming 600 ta yangi xonadon qurib, topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion soʻmga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular boʻyicha boshlangʻich toʻlov va foizni qoplash uchun 545 milliard soʻm subsidiya berilgan.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda koʻproq mummolar boʻyicha gapirib, aniq reja va vazifalarni belgilash zarurligini taʼkidladi.

– Dunyodagi ogʻir sharoitga qaramasdan, barqaror iqtisodiy oʻsish yoʻlida aniq natijalarga erishayapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham eʼtirof etayapti. Lekin, bugun kamchiliklarni koʻrsatib, zaxiralarni ishga solish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab olsak, foydali boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi boʻlib, iqtisodiyot, moliya, soliq, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari natijasida olti oyda 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan, 1 million 600 ming aholi rasmiy band boʻlgan, 712 mingta yangi daromad soligʻi toʻlovchi paydo boʻlgan.

Yigʻilishda bularga yangi turtki berish maqsadida qoʻshimcha choralar belgilandi. Xususan, endi tuman hokimi, bank rahbari va mahalla raisi bir boʻlib ishlash boʻyicha uch tomonlama shartnoma tuzadi. Joriy yil 1 dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholining bandligi taʼminlanadi. Ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovi 1,5 barobar oshirilib, 4 trillion soʻm ajratiladi.

“Uychi tajribasi”ga asosan, tuman hokimi va bank rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning biznesini kengaytirishga koʻmaklashadi. Bunda hokim yer, elektr, suv, yoʻl va boshqa infratuzilma masalasini, bank esa mablagʻni hal qiladi. Bu orqali yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.

“Gʻijduvon tajribasi” asosida yil yakuniga qadar mingta mahallaning oʻzida koʻp qavatli sanoat binolari tashkil qilinadi. Ularga xonadonlardagi ishlab chiqarishlar koʻchiriladi. Ushbu binolarning yuqori qavatlarida ishlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Bu 140 ming ish oʻrnini “soyadan” chiqarishga sharoit yaratadi.

“Zarbdor tajribasi” asosida tumanlarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida drayver loyihalar qilinadi. Ularni amalga oshirishga bu yil qoʻshimcha 500 milliard soʻm ajratiladi. Bu orqali yana 150 ming ish oʻrni boʻladi.

Bosh vazirga mazkur toʻrtta tajribani qoʻllagan holda, yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini taʼminlash rejasini tumanlar kesimida tasdiqlash topshirildi.

Byudjetga tushumlarni taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Korxonalar va tadbirkorlarga koʻmak berib, daromadini oshirish orqali soliq tushumini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi. Tadbirkorga ortiqcha toʻlov qildirgan masʼullar jazolanishi haqida qatʼiy ogohlantirildi.

Xususiylashtirish dasturining bajarilishi, yirik korxonalarda tannarxni pasaytirish ishlari sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Endi tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar maqsadli koʻrsatkichi bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati uzaytirilishi yoki bekor qilinishi aytildi.

Bu yil hududiy korxonalarda 164 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Lekin, Kogon shahri, Qorovulbozor, Zafarobod va Mirzaobod tumanlarida sanoat pasaygan. Mutasaddilarga yil yakunigacha kam quvvatda ishlayotgan 2 mingta korxonani rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.

Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qoʻllandi. Qoraoʻzak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, Gʻozgʻon shahri hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalari boʻyicha boʻldi.

Avvalo, qurilishda tannarxni pasaytirish masalasi tahlil qilindi. Yer va qurilish materiallaridan tashqari loyihani kelishish, maxsus texnik shartlar olishdagi qiyinchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Eng katta “xufyona iqtisodiyot” ham qurilishda.

Shu bois Qurilish vazirligiga sohada tadbirkorlik uchun toʻsiq boʻlayotgan barcha tartib-taomillarni yangilash vazifasi qoʻyildi.

Sifat va tartibni kuchaytirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga oʻtkazilib, vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar boʻyicha jazo choralari kuchaytiriladi.

Yangi loyihalarda tadbirkorlar uchun elektr va gazdan texnik shartlar olish raqamlashtiriladi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion soʻm ajratilgan. Jumladan, 618 ta maktab, 176 ta bolalar bogʻchasi, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxona qurilib jihozlanishi belgilangan.

2 ming 152 ta koʻp qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. 570 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash, 13 ming kilometr yoʻl va 195 ta koʻprikni foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.

Jamoat transportida elektron toʻlov tizimini toʻliq joriy qilish, barcha viloyat markazlarida yoʻlovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishlarga birma-bir toʻxtalib, kechikayotgan loyihalarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Bu ishlarning ijtimoiy ahamiyatini, ularni odamlar oʻz hayotida sezishi kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda investitsiya, eksport va qishloq xoʻjaligidagi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Oʻtgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilgan. Prezidentimiz ularning natijadorligi tahliliga eʼtibor qaratdi.

Uch yilda kiritilgan har bir dollar investitsiya oʻrtacha uch dollar qiymat yaratgan. Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini oʻrtacha 600 dollarga oshirgan. Lekin ayrim tarmoqlar va hududlarda bu koʻrsatkich kam.

Mutasaddilarga kelgusi yilga reja qilingan loyihalarni shu nuqtai nazardan birma-bir tahlil qilish topshirildi.

Avvalgi yillarda chetdan keltirilgan 183 million dollarlik 593 ta uskunani tezroq oʻrnatib, ishga tushirish zarurligi aytildi. Toʻliq ishlamayotgan investitsiya loyihalarini “jonlantirish”, muammolarini hal etish chora-tadbirlari belgilandi.

Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion soʻm ajratilgan. Shuningdek, Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablagʻ bor. Ushbu mablagʻlardan samarali foydalanib, loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Olti oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga oʻsgan. Shu oʻrinda, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.

Shu bois viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlariga hududlardagi 50 milliard dollarlik 200 ta yirik loyihani tahlil qilib, tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Hududiy korxonalarning kooperatsiya portalidagi ishtirokini jonlantirish muhimligi aytildi.

Eksport masalalari tahlil qilinar ekan, tarmoq va hududlar yil boshidan 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgani qayd etildi. Lekin 9 ta tumanda eksport oʻtgan yilgi koʻrsatkichning yarmiga ham yetmagan.

Keyingi paytlarda koʻplab davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun tarif va notarif toʻsiqlarni belgilamoqda. Tegishli vazirlik va idoralarga ushbu toʻsiqlarni yumshatish boʻyicha kelishuvga erishish topshirildi.

Joriy yilning birinchi yarmida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Bu sohada birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish boʻyicha 382 ta loyiha boshlangan. Yil yakunigacha 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish rejalashtirilgan. Bular orqali meva-sabzavotni saqlash sigʻimi 63 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari bu sohada eksportni koʻpaytirish uchun yangi urugʻ navlarini oʻzimizda yaratish kerakligini taʼkidladi. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida urugʻchilik tizimini qayta koʻrib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi.

75 ming gektar samarasiz bogʻlar hamda 100 ming gektar past hosilli yerlar oʻrnida sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar barpo qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday bogʻlar uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi orqali imtiyozli kredit ajratiladi.

Yigʻilishda paxta-toʻqimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligi bilan bogʻliq masalalar ham koʻrildi. Ularga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025 yil 1 aprelgacha uzaytirilishi, bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga berilishi belgilandi. Iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori klasterlarning maqomi qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Unumdorlikni oshirish uchun paxtachilik va meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlar yana 6,5 mingta texnika bilan taʼminlanadi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar va hokimlar hisobot berdi. Iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha yil yakunigacha moʻljallangan rejalar bayon etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.