Birlamchi boʻgʻinda tibbiyot sifatini oshirish asosiy vazifa boʻladi

0
46
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sogʻliqni saqlash sohasida qilingan ishlar va 2025 yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu sohadagi sifat oʻzgarishlari shahardan to chekka hududlargacha, bolajonlardan tortib keksalargacha – hammaning hayotida aks etadi. Shu bois unga ajratilayotgan byudjet mablagʻlari har yili koʻpaytirib borilmoqda. Barcha ijtimoiy xizmatlar qatori tibbiyot ham xalqimizga yaqinlashtirilmoqda. Birlamchi boʻgʻinda 18 mingdan ziyod tibbiy brigada tashkil qilingan.

Kasalliklarni aniqlash va davolash amaliyotiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy xizmatda diagnostika usullari 500 dan, davolash usullari esa 800 dan oshdi. Xususiy tibbiyot rivojiga keng yoʻl ochilgani tufayli xizmatlar tarmogʻi va tanlash imkoniyati koʻpaydi. 

2024 yilda sohaga 36 trillion soʻm ajratilgan edi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 25 foiz koʻpdir.

Birlamchi boʻgʻinda 6 turdagi skrining tekshiruvi yoʻlga qoʻyildi. Natijada 106 ming odamda qandli diabet, 194 ming nafarida yurak qon-tomir, 2 mingdan ziyod ayolda saraton, mingga yaqin bolalarda onkogematologik kasallik erta bosqichda aniqlandi.

Davolash sifati va samaradorligi alohida eʼtibor talab qiladi. Shu maqsadda 2 mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta oʻqitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetdi. 43 ta yoʻnalishdagi 191 ta klinik protokol xalqaro andozalar asosida yangilandi.

Ixtisoslashgan markazlar va filiallarda bu yil 100 ming bemor imtiyozli yoʻllanma asosida davolandi. 7 ta ixtisoslashgan markaz sifat nazorati boʻyicha xalqaro akkreditatsiyadan oʻtdi. 

2025 yilda sogʻliqni saqlash sohasiga 41 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy koʻrik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu sohadagi asosiy vazifa – birlamchi boʻgʻinda tibbiyot sifatini oshirish ekanini taʼkidladi. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda toʻgʻri ishlatish, ayniqsa, chekka va ogʻir tumanlarga eʼtiborni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Bu boʻyicha turkiyalik ekspertlar 6 ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini tizimli isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi boʻgʻin transformatsiyasi boʻyicha qaror loyihasi tayyorlash topshirildi. 

Ushbu yoʻnalish xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi. Nazariy bilim va koʻnikmalarni egallashdan kompetensiyalarni rivojlantirishga bosqichma-bosqich oʻtiladi.

Shuningdek, kelgusi yil tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama toʻlash tartibi joriy qilinadi. 

Hududlarga boʻlayotgan eʼtibor izchil davom ettiriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sugʻurtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.

Yana 35 ta yoʻnalishdagi 400 ta milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi. 7 ta ixtisoslashgan markaz va 2 ta oliy taʼlim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham eʼtibor qaratilib, tibbiy oʻquv yurtlarida taʼlim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan hamohangligini mustahkamlash, bitiruvchilarning birlamchi boʻgʻinda tajriba orttirishini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.