Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
173
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2022 yil 18 mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining sifatini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini qoʻllab-quvvatlash va faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda 2022 yil davomida mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev, A.Inoyatov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi PF–6110-son Farmoni bilan tasdiqlangan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarni tashkil etish jadvaliga muvofiq 2022 yilda 136 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda 2023 yilda yana 140 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

3. Belgilansinki:

oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan takliflariga muvofiq mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda tashkil qilinadi;

hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmogʻini yanada kengaytirish uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;

oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab qoʻshimcha ustama haqi belgilanadi;

2022 yil 1 maydan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi;

aholining profilaktik tibbiy koʻriklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

4. 2022 yil 1 iyuldan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi takomillashtirilsin. Bunda yangilangan “Qishloq shifokori” dasturi doirasida:

olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 million soʻm miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

olis va chekka hududlarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga boʻlgan talabni mahallalar kesimida aniqlash, shifokorlarni jalb etish va ehtiyojga koʻra kelgusida ularga uy-joy ajratish choralarini koʻrsin.

Vazirlar Mahkamasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangilangan olis va chekka hududlar roʻyxatini tasdiqlasin.

5. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berilsin.

Belgilansinki:

yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga oʻz uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar koʻrsatishga ruxsat beriladi;

yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga oʻziga biriktirilgan aholiga bepul koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun toʻlov Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali beriladi;

yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish talablari va uning faoliyatini moliyalashtirish tartibini tasdiqlasin hamda amaliyotga joriy qilsin.

6. Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmat turlarini pullik asosda tashkil etishga ruxsat berilsin.

Belgilansinki, pullik xizmatlardan kelib tushgan mablagʻlarning 75 foizgacha boʻlgan qismi tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.

7. 2022 yil 1 avgustdan boshlab oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash boʻyicha yangi reyting tizimi joriy qilinsin. Bunda:

hududda ortiqcha vazndan xalos boʻlish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish boʻyicha koʻrsatkichlar asosiy mezonlar boʻladi;

har olti oyda ijobiy koʻrsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari ragʻbatlantiriladi hamda eng yaxshi natija koʻrsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi;

ushbu tizim 2022 yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarda, 2023 yildan boshlab bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda har bir hudud aholisining tibbiyot koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash boʻyicha yangi reyting tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin.

8. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarida hisobot berish tartibi joriy qilinsin.

Belgilansinki:

tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlari mahalla fuqarolar yigʻinlarida;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida;

viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida hisobot beradi.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (O.Fozilkarimov) 2022 yil 1 oktyabrga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi tibbiy jihozlarni xatlovdan oʻtkazsin.

Bunda: 

nosoz tibbiy jihozlarni aniqlab, ularni soz holatga keltirish yoki yangisiga almashtirish uchun zarur mablagʻlarni hisob-kitob qilish;

Sogʻliqni saqlash sohasi uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan tibbiy jihozlar hisobini va nazoratini yuritish boʻyicha elektron dastur (platforma)ni 2022 yilda Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida joriy etish hamda tajriba natijalari boʻyicha 2023 yildan boshqa hududlarga bosqichma-bosqich tatbiq etish choralarini koʻrsin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) xatlov natijasidan kelib chiqib, tibbiy jihozlarni (fizioterapevtik, laborator, tekshiruv va boshqalar) soz holatga keltirish yoki yangilash uchun zarur mablagʻlarni ajratish boʻyicha taklif kiritsin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev):

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat tomonidan aholiga bepul koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi mobil ilovani yaratsin va amaliyotga joriy qilsin;

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinikalarining neyroxirurgiya boʻlimlari negizida yuridik maqomga ega boʻlmagan hududlararo neyroxirurgik markazlarni tashkil etsin.

11. Oʻz mahallasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan, shaxsiy namuna koʻrsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) ikki oy muddatda “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarning Davlat byudjeti hisobidan ajratilishini taʼminlasin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (F.Sharipov) bilan birgalikda har yili 1 000 nafargacha imtiyozga ega boʻlmagan, uzoq yillar davomida davlat tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan bemor tibbiyot xodimlariga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (F.Sharipov) ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiyot xodimlarini davolashga yuborish tartibini tasdiqlasin.

14. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov, sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari O.R. Fozilkarimov, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori F.R. SharipovQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.