Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi sammitida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga amaliy tashrifi yakunlandi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Manas” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.
Oʻzbekiston Prezidenti bugun MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi hamda Hamdoʻstlik doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Oʻzbekiston yetakchisiga tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishoni topshirildi.
Sammit doirasida Prezidentimiz Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv oʻtkazdi.