Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tashabbusi bilan may oyi Respublikamizda sport oyligi deb eʼlon qilindi. MOQ qoʻl urgan ushbu yangi loyihaga 1may kuni start berildi. Unda ilgari surilgan “Biz sogʻlom turmush tarafdorimiz” jumlasi yuzlab yosh sportchilarning qalbidagi shiorga aylandi. Aynan ushbu shior bilan boshlangan yangi fleshmob sekin-asta Respublikamiz hududini qamrab olmoqda.
Bunday sport oyligini eʼlon qilish, avvalo, ommaviy sport bilan shugʻullanuvchi qatlamni oshirish va har bir fuqaroni sogʻlom turmush tazriga jalb qilishdir. MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov ham bu jihatga alohida eʼtibor qaratib oʻtdi.
“Biz joriy qilgan oylik murakkab sport turlarini qamrab olmagan. Unda asosan basketbol, futbol, voleybol, gandbol kabi oʻyin sport turlarini uchratish mumkin. Rejada maktabgacha taʼlim muassasalari, maktab va oliy oʻquv yurti vakillari uchun alohida dastur ishlab chiqilgan. Misol uchun, maktabgacha taʼlim va kichik yoshdagi oʻquvchilar uchun “Quvnoq startlar” sport oʻyinini joriy qilganmiz. Umuman sport dasturlari boʻyicha nizom ishlab chiqqanmiz va bu bilan kerakli federatsiyalar va taʼlim muassasalari tanishib chiqishgan”, – dedi Jasur Matchanov.
Tabiiyki, bunday yirik sport tadbiri sportimiz faxriylarini befarq qoldirgani yoʻq.
“Bola yoshligida televizor qarshisida turib sportga boʻlgan qiziqishi ortadi, unga mehr beradi. Ota-onasi ham bundan xursand boʻlib, farzandini shu sportga berishni boshlaydi. Oʻzbek xalqi toʻy-marosimlarida kurash qiladi. Shu kabi tadbirlarda juda ham koʻp iqtidorlarni koʻrish mumkin. Biz ham shu toʻy kurashlarida ishtirok etib, katta sportga keldik, jahon koʻrdik, dunyo birinchiligi va Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etdik. Oʻylaymmanki, bunday ommaviy sport tadbirlarining tashkil qilinishi yangi nomlarni kashf qilishda katta yordam beradi”, – deydi dzyudo boʻyicha Pekin Olimpiadasi finalchisi Abdullo Tangriyev.
Sport oyligi 31 mayga qadar davom etadi. Unda yurtimizning barcha tuman va shaharlari boʻyicha koʻplab ommaviy musobaqalar tashkil qilish rejalashtirilgan boʻlib, yakunda Respublika bosqichi boʻyicha gʻolib va sovrindorlarni aniqlab olish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati