Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatkichi boʻyicha  Oʻzbekiston jahonda sakkizinchi oʻrinni egalladi

0
121
marta koʻrilgan.

Jahon bankining “Doing business” yillik hisobotida Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi masʼul boʻlgan “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190ta davlatlari  orasida 8-oʻrinni egallab, Oʻzbekiston tarixida birinchi bor Top-10 likka kirdi, deya xabar beriladi. davxizmat.uz saytida.

Jahon banki tomonidan oʻn olti yildan buyon dunyoda eng qulay biznes-muhiti yaratilgan mamlakatlar reytingi eʼlon qilinmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, chet el investitsiyalarini faol jalb etish va investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning koʻlami va samaradorligi nafaqat mamlakatimizdagi investitsion faollikning ortishi bilan, balki nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklari tomonidan berilayotgan munosib baho bilan ham oʻz isbotini topmoqda.

Xususan, soʻnggi besh yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-oʻrindan 2018 yilda 76-oʻringa koʻtarildi.

“Biznesni yuritish” reytingi 10 ta yoʻnalish boʻyicha baholanadi. Shulardan eng birinchisi bu – biznesni roʻyxatdan oʻtkazish yoʻnalishidir.

Shunisi aniq-ki, har bir tadbirkorning oʻz faoliyatini boshlashi uchun qoʻyadigan ilk qadami tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishdir.

Mustaqilligimizning dastlabki yillarida korxonalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish 10 kungacha muddatda amalga oshirilib, 7 turdagi hujjatlar talab qilingan.

2017 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilib, roʻyxatdan oʻtkazish real vaqt rejimida, lekin 30 minutdan oshmagan vaqtda amalga oshirilishi belgilandi.

Natijada, 2018 yilda Jahon bankining eʼlon qilingan reytingi boʻyicha mamlakatimiz biznesni roʻyxatdan oʻtkazish yoʻnalishi boʻyicha 190 ta mamlakatdan 12-oʻringa munosib deb topildi.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining bu boradagi reytingini yanada yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator qarorlari qabul qilindi.

Mazkur qarorlar bilan mamlakatimiz reytingini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritalar” tasdiqlanib, chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan:

— tadbirkorlik subyektlarining yagona reestridagi barcha maʼlumotlari bilan Internet tarmogʻi orqali tanishib chiqish imkoniyati yaratildi;

— tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bir vaqtda onlayn hisobraqamlar ochish imkoniyati yaratildi;

— muhr va shtamplardan foydalanish talabi hamda tadbirkorlik subyektlarining ustav fondiga qoʻyilgan minimal talablar bekor qilindi;

— davlat roʻyxatidan oʻtkazish eksterritorial tamoyil asosida yoʻlga qoʻyildi;

— xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarning ustav fondiga boʻlgan minimal talablar kamaytirilib, 400 mln. soʻm etib belgilandi;

— xorijiy ishtirokchining faqat yuridik shaxs boʻlishiga doir talab bekor qilinib, ularning ulushi 30 foizdan 15 foizga kamaytirildi.

Amalga oshirilgan mazkur saʼy-harakatlar natijasida bu yilgi koʻrsatkichlar boʻyicha Jahon bankining eʼlon qilingan “Biznesni yuritish” reytingining “biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi 4 pogʻonaga koʻtarilib, 190ta davlatlar ichida 8-oʻrinni egalladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.