Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida bunyod etiladigan koʻp qavatli uylarning qurilish maydonida boʻldi.
Bu yerda 23 ta 9 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. 900 xonadondan iborat boʻladigan bu uylar Turkiya texnologiyasi asosida quriladi va kelgusi yili foydalanishga topshiriladi.
Hozirda uylarning poydevori quyilgan. Ular zilzilaga bardoshli qilib quriladi. Nogironlar uchun ham qulayliklarga ega boʻladi. Isitish va sovitish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi.
Davlatimiz rahbari bu uylar mustahkam va sifatli boʻlishi, poytaxtimizdagi eng namunali joylardan biriga aylanishi kerakligini taʼkidladi.
Shu yerda Toshkent shahrida kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, kanallarni mukammal taʼmirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha loyihalar namoyish etildi.
Prezidentimiz poytaxtimizdagi kanallar atrofini obod saqlash, odamlar dam oladigan, bolalar choʻmiladigan soʻlim va xavfsiz hududlar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.