Bojxona faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar koʻrib chiqildi

0
57
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash maqsadida bu sohada koʻp ishlar qilindi. Oʻnga yaqin davlatlar bilan oldindan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi, bojxona rasmiylashtiruvi va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etildi. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan taʼminlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayonlari 9 bosqichdan 3 bosqichga tushdi.

Bularning natijasida chegara orqali transportlar harakati 8 barobar koʻpayib, qariyb 5 milliontaga yetdi. Byudjetga tushumlar 9 barobar oʻsib, oʻtgan yili 63 trillion soʻmdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi.

Umuman, tizim soddalashtirilishi orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqti tejalgan. Xalqaro logistika reytingida bojxona koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston 140-oʻrindan 74-oʻringa koʻtarilgan.

Lekin hali raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish boʻyicha vazifalar koʻp. Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Soʻnggi yillarda bojxona hududida qayta ishlash turlari kengaytirilgani samarasida bu tarzda eksport qilingan tovarlar ulushi oʻtgan yili 1 milliard dollardan oshgan. Bu tizimni yanada soddalashtirib, shu yilning oʻzida eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkin.

Qoʻshni davlatlar bilan savdo va turizm aloqalari kengayib borayotgani tufayli chegaradagi yoʻlovchilar va avtotransport oqimi kamida 2 karra oshishi kutilmoqda. Bu qoʻshimcha infratuzilma yaratib, postlarda oʻtkazuvchanlikni oshirishni talab qiladi.

Jumladan, xalqaro qatnovlarni koʻpaytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek, yoʻlovchilar haqidagi maʼlumotlarni oldindan olish tizimi koʻzda tutilmoqda. Natijada avtobuslar chegaradan soddalashgan tartibda oʻtkazilib, rasmiylashtirish vaqti 2 barobar qisqaradi. Shuningdek, eng yirik bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun qizil va yashil yoʻlaklar joriy qilish taklif etilmoqda.

Bojxona kuzatuvida sunʼiy intellektni keng qoʻllash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari koʻmagida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon boʻyicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Shuningdek, rentgen tasvirlari sunʼiy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, sohada xalqimiz uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat koʻrsatish zarurligini taʼkidladi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida bunga bojxona qonunchiligini toʻliq muvofiqlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Bojxona instituti salohiyatini oshirish, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, tahlika-tahlil boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash, dual taʼlimni kengaytirib, amaliyotni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.