Bojxona rasmiylashtiruvi markazi ishga tushdi

0
80
marta koʻrilgan.

Mustaqillik xalqimizga erkinlik, roʻshnolik olib kelganidek, har yili bu ayyomda yaxshiligu yangiliklar koʻp boʻladi. Bu yil ham barcha hududlarda iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar ishga tushirilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi ana shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, shu maqsadda Bojxona qoʻmitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.

Prezidentimiz ushbu majmuani borib koʻrdi.

Bu yerda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish boʻlimlari tashkil etilgan. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar maʼlumotlari bilan integratsiya qilingan. Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olingan.

Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan oʻn barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni taʼminlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.

Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qoʻmita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi.

Targetlash va xavflarni boshqarish boʻlimi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning maʼlumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.

Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilgʻor uskunalar bilan jihozlandi.

Umuman, Prezident farmoni asosida soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti oʻrtacha 2 barobarga qisqardi. Masalan, shu vaqt eksport yoʻnalishida 2017 yilda 5 soat 42 daqiqa boʻlgan boʻlsa, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda.

Import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sunʼiy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilmoqda.

— Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan koʻra, qilinishi kerak boʻlgan vazifalar koʻp. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.