Bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish – eng ustuvor vazifa

0
152
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bogʻlaydigan muhim boʻgʻin. Bu tizim toʻgʻri va ochiq-oshkora ishlamasa, tadbirkorlik va investitsiyalarga toʻsiq boʻladi.

Shu bois 2019 yilda bojxona maʼmuriyatchiligi isloh qilinib, tartib-taomillar yengillashtirilgan edi. Jumladan, bojxona postlarida soddalashtirilgan yoʻlaklar joriy etildi. Bugun yoʻlovchilarning 95 foiz va yuklarning 75 foizi shular orqali oʻtmoqda. Ilgari 12 ta idoradan olingan 60 turdagi ruxsatnomalar “yagona darcha” orqali elektron shaklga oʻtkazildi. Bularning natijasida bojxonada yuklarni rasmiylashtirish vaqti 10 barobargacha qisqardi.

2022-2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida eksport hajmini 30 milliard dollarga, xorijiy turistlar sonini 7 millionga yetkazish maqsadi belgilangan. Bu bojxona sohasiga alohida masʼuliyat yuklaydi.

Shu bois yigʻilishda bojxona tizimini rivojlantirish, birinchi navbatda postlardagi sharoitlarni yaxshilash masalalariga eʼtibor qaratildi.

– Bojxona postlari davlatimiz yuzi, birinchi taassurot shu yerdan boshlanadi. Ular obod, aholi va tadbirkorlar uchun qulay boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chegara-bojxona postlarida infratuzilmani yaxshilash, atrofini obodonlashtirish, ayrim postlar binosini rekonstruksiya qilish, postlarga olib boruvchi yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish eng ustuvor vazifa ekanini, bu soha boshqa davlat idoralariga namuna boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Buning uchun zamonaviy komplayens tizimi joriy etiladi. Joriy yil 1 maydan boshlab, yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish postlardan chiqariladi va tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshiriladi. 1 iyuldan tovarlar kodi va qiymatini belgilash, bojxona koʻrigini oʻtkazish, imtiyozli deklaratsiya rasmiylashtirishda korrupsion xavflar avtomatlashgan tizim orqali aniqlanadi. 1 sentyabrdan boshlab, barcha elektron bojxona xizmatlari “yagona darcha” tizimi orqali koʻrsatiladi. Yil yakuniga qadar bojxona koʻrigi jarayonlarini toʻliq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi.

Davlat bojxona qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligiga bojxona xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga olish, rotatsiya qilish, daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Korrupsiyaning oldini olish uchun xodimlarning moddiy taʼminoti va ijtimoiy himoyasiga ham alohida eʼtibor zarur. Shu bois, endi bojxona xodimlarining faoliyati samarasiga qarab, ish haqiga qoʻshimcha ustama toʻlanadi. Olis va sharoiti ogʻir postlarda ishlayotganlar ham moddiy qoʻllab-quvvatlanadi.

Bojxona xodimi kontrabanda yoki boshqa qonunbuzarlikni aniqlasa, unga mukofot beriladi. Maxsus unvon uchun ustamalar miqdori oshiriladi.

Xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi hamda imtiyozli ipoteka krediti beriladi. Bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy oʻquv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi.

Prezidentimiz sohaga ayol xodimlarni jalb qilish muhimligini taʼkidlab oʻtdi.

Yigʻilishda kontrabandaga qarshi kurashish natijalari ham tahlil qilindi. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 364 kilogramm giyohvandlik vositalari, 88 ming dona psixotrop dorilar hamda 181 milliard soʻmlik tovarlar noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.

Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish uchun bojxona postlarini 3D-skaner, rentgen, videokuzatuv, server, transport tarozisi kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlash vazifasi qoʻyildi.

Bu yil Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Termiz xalqaro aeroportlarida, kelgusi yildan boshqa aeroportlarda ham “bojxonachisiz nazorat” tartibini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Bojxona tizimida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun Bojxona institutini tubdan transformatsiya qilib, xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, metrologiya va standartlar, nazorat uskunalarini boshqarishni puxta oʻrgatish zarurligi taʼkidlandi. Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish, ilgʻor xorijiy amaliyotlarni oʻrganib, tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.