Toshkent viloyati Boʻka tumani yoshlariga 18 mingdan ziyod kitob sovgʻa qilindi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 5 ming nusxadagi oʻzbek hamda jahon adabiyotining sara namunalarini Boʻka maktablari va mahallalari uchun tuhfa qildi. Buning ramziy ifodasi sifatida Agentlik direktori tuman hokimiga maxsus sertifikat topshirdi.
Qolgan 13 ming adaddagi kitob Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda boshqa hamkor davlat tashkilotlari tomonidan taqdim etildi.
Madaniyat va aholi dam olish markazida tashkil etilgan tantanali tadbirda, shuningdek, tuman yoshlariga zamonaviy sport anjomlari, boshqa zarur jihozlar sovgʻa qilindi.
Mazkur xayriya tadbirlari Prezidentning yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan 5 ta tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida mavjud kutubxonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazgan holda kitob fondini yaxshilash, kitob doʻkonlari, “book cafe”lar faoliyatini joriy qilish, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport toʻgaraklari tashkil etish, ishsiz ayollarni tikuv va toʻqimachilik sexlariga jalb qilish kabi kompleks loyihalar Boʻka tumanida tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyilmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati