Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilayotgan “Book challenge” loyihasi doirasida Sirdaryo viloyati Guliston shahri markazida tantanali tadbir oʻtkazildi hamda viloyat hokimi boshchiligidagi barcha rahbar xodimlar tomonidan 3 mingdan ortiq kitob maktablarga sovgʻa qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov va viloyat hokimi Gʻafurjon Mirzayev Sayxunobod tumanining Oʻzbekiston mahallasida yashovchi tadbirkor ayol Gavharoy Husanova tomonidan tashkil etilgan xususiy kutubxonaning ochilish marosimida ishtirok etdi hamda kutubxonaga Prezident sovgʻasi — 1000 dan ziyod kitobni topshirdi.
Shuningdek, Sayxunobod tumanida barpo etilgan “Jajji bilagʻon” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Ushbu muassasada ingliz va rus tillari chuqur oʻrgatiladi, taʼlim oluvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Komil Allamjonov bu kabi maskanlarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishda Agentlik oʻz loyihalari va bolalar kitoblari bilan ishtirok etishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati