BOʻSM va IBOʻSM rahbarlari bilan uchrashuv

0
268
marta koʻrilgan.

24 mart kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni ijrosi yuzasidan katta yigʻilish tashkil qilindi. 

Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Umid Ahmadjonov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, uning birinchi oʻrinbosari Oybek Kasimov, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, respublikamizda faoliyat olib borayotgan ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, bolalar va oʻsmirlar sport maktablari rahbarlari, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari hamda sport federatsiya va assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirok etishdi. 

Yigʻilishni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov ochdi.

— Bugungi yigʻilishdan asosiy maqsad muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan sportga oid farmon ijrosini jadallashtirish, IBOʻSM va BOʻSMlar faoliyatini takomillashtirish, ularning samaradorligini kuchaytirishdir. Sir emaski, IBOʻSM, BOʻSM tizimida koʻplab masalalar, muammolar toʻplanib qolgan. Buni barchamiz yaxshi bilamiz. Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha 228ta bolalar va oʻsmirlar sport maktablari bor. Ularda 8133 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. 301 635 nafar bola sport bilan shugʻullanib kelmoqda. Ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari soni esa bugungi kunda 53tani tashkil qiladi. Ularda 1865 nafar xodim faoliyat yuritib, 40 716 nafar yosh sporti mashgʻulotlarda ishtirok etadi. Davlat ularning barchasini moliyalashtiradi. Katta miqdorda mablagʻ ajratadi. Ammo tan olish lozim, samaradorlik oʻta past, turli muammolar toʻplanib qolgan, — dedi Shoakram Isroilov.

Shuningdek, yigʻilishda bundan buyon har bir yosh sportchi haqida maʼlumotlar bazasi yaratilishi shart ekanligi taʼkidlandi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, sportga ixtisoslashtirilgan maktablarda 99 foiz rahbar oʻz qoʻl ostidagi sporti haqida toʻliq maʼlumotga ega emas. Bu borada vazir bir necha sport maktablari direktorlaridan maʼlumotlar soʻradi va toʻliq javob ololmadi. IBOʻSM va BOʻSM rahbarlariga barcha sportchi borasida toʻliq maʼlumotlar bazasini yaratish borasida topshiriq berildi. Qolaversa, bundan buyon kerakli barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi, bunday maktablar barcha kerakli sport anjomlari bilan taʼminlanishi maʼlum qilindi. Shunga yarasha natija ham talab qilinishi alohida taʼkidlandi. 

Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Umid Ahmadjonov esa davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon va qaror samarali ishlashi endi faqat va faqat oʻzbek sporti oilasiga bogʻliq ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

— Ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari faoliyatini koʻrib, tahlil qilib chiqdim. Bundan buyon viloyat sport boshqarmasi boshligʻi oʻsha viloyatdagi barcha sport turlariga, xususan katta futbol klubidan tortib, bolalar va oʻsmirlar sport maktablaridagi ish samaradorligiga bevosita javob beradi. Bugungi yigʻilishimizda yosh va iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport maktablari oʻrtasida musobaqalar tizimini yoʻlga qoʻyib olish va boshqa muhim masalalar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqamiz. Asosiy eʼtiborni olimpiya sport turlariga qaratamiz. Bekorga sizlarni vaqtingizni olib, uzoq viloyatlardan chaqirganimiz yoʻq. Seleksiya, musobaqalar oʻtkazish tizimi va boshqa masalalar borasida takliflaringizni bering. 

Shuningdek, endi xalqaro musobaqalarga faqat Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ruxsati bilan boriladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri viloyatdan chiqib ketishlar boʻlmaydi. Axir ular Oʻzbekiston sharafini himoya qiladilar-ku. Biz oʻsha musobaqadagi ishtirokni lozim topsak, u yerga joʻnatamiz. Ular uchun sharoitlarni yaratib beramiz. 

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sportga oid katta farmon va qaror imzolandi. Endi uni samarali ishlashini taʼminlash oʻzimizga bogʻliq. Ahil oila sifatida, bir yoqadan bosh chiqarib, ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olishimiz lozim. Shunday tizim yarataylikki, u 40-50 yil ishlasin. Katta-katta natijalar keltirsin. Viloyat sport boshqarmalari bu yoʻlda respublikamizdagi sport federatsiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilishlari lozim, — dedi Umid Ahmadjonov.

Uchrashuvda Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi, MOQ raisi maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov ham nutq soʻzlab, farmonning sportimiz taraqqiyotida tutgan oʻrni va oʻz navbatida bunday gʻamxoʻrlik oʻzbek sporti tarixida xech qachon boʻlmaganligi, endi shunga yarasha halol va vijdonan ish olib borish lozimligi haqida soʻz yuritdi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.