Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida qurilishi moʻljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Dunyo bilan aloqalar kengayib, infratuzilma rivojlangani sari mamlakatimizning turizm salohiyati ham oshmoqda. Shunday jozibador maskanlardan biri, shubhasiz, Boʻstonliq tumani. Chorvoq suv ombori va daryolari, qorli togʻlari, xushmanzara daraxtzorlari bois u yerda yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish mumkin.
Davlatimiz eʼtibori bilan soʻnggi yillarda Boʻstonliqda koʻplab yangi majmualar barpo etildi, Amirsoy, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” kurorti kabi loyihalar amalga oshirildi. Xususan, soʻnggi besh yilda 2 trillion soʻmdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ziyod oʻringa ega 59 ta yangi turizm inshooti ishga tushirildi.
Bunday natijalar chet ellik investorlarni oʻziga tortmoqda, yanada katta miqyosdagi loyihalarga yoʻl ochmoqda. Jumladan, ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori boʻyida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirmoqda.
Loyihaga koʻra, unda dam olish, choʻmilish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar boʻladi. Xalqaro brendlarning doʻkonlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar oʻtkaziladi. Ikki qirgʻoq oʻrtasida koʻprik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda oʻziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin boʻladi.
Davlatimiz rahbari bu taklifni maʼqullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini taʼkidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.