Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xushmanzara togʻlar bagʻridagi bu hududning drayveri, albatta, turizm. Soʻnggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sogʻlomlashtirish, changʻi, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.
Xususan, besh yil avval tumanda 2 ming 240 oʻrinli 26 ta maskan boʻlgan boʻlsa, shu davrda sohaga 2 trillion soʻmdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan koʻp oʻringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yoʻli taʼmirlanib, qoʻshimcha yoʻllar qurildi.
Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Boʻstonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan boʻlsa, bu yil 11 oyning oʻzida 12 million nafar tashrif buyurgan.
Bu surʼat izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.
Chirchiq daryosi boʻyida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta koʻp qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh boʻladi. Binolar tepasiga quyosh panellari oʻrnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali koʻprik quriladi.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz xizmat turlarini koʻpaytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida eʼtibor berish, yashillikni koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.