Bugungi  oʻzbek yoshlari yohud gʻayratchan buvi va tashabbuskor nabira haqida soʻz

0
685
marta koʻrilgan.

Yoshlarni  komil inson qilib tarbiyalashda, axborot xurujlaridan asrashda, sogʻlom, durkun voyaga yetishlarida  oilaning roli katta. Huquqiy bilim va madaniyatni, milliy qadriyatlarni,  mutolaaga, ilmga, bilimga  ishtiyoqmandlikni bolaligidan ongu-shuuriga singdirgan farzand kelajakda komil inson  boʻlib voyaga yetadi.

Mamlakatimiz kelajagi boʻlgan bolalarning maʼnaviy-huquqiy sogʻlom voyaga yetishini taʼminlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishda ularning koʻz ochib koʻradigan maskanidagi yaʼni oiladagi tarbiyachilari boʻlgan kattalarning ota-onasi bilan birga buva-buvilarning ham roli katta boʻladi. Milliy qadriyatlarimizga eʼtibor beradigan boʻlsak, Amir Temur shohzodalar tarbiyasini oʻz zamonasining yetuk malikasi Bibixonimga topshirgan. Jumladan,  Mirzo Ulugʻbek ham Bibixonim tarbiyasida kamol topganligi tarix sahifalarida taʼkidlanadi.

Namunali hayot kechirayotgan, oilasiga, jamiyatga, hukumatimizga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlarning hayotiy tajribalarini oʻrganish va targʻib qilish katta ahamiyatga egaligi uchun ham mamlakatimizda keyingi paytda mahalladagi namunali oilalarga alohida eʼtibor qaratilib, ularni ragʻbatlantirish ham yoʻlga qoʻyildi. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni birinchi marta zahmatkash onalarga buvilarga topshirildi. Chunki, sogʻlom oila jamiyat poydevori, unda kamol topgan salohiyatli yoshlar mamlakat kelajagidir.

Insonning kim boʻlishi, kelajakda undan nimalar kutish mumkinligi avvalo genlarga qolaversa tarbiyaga bogʻlikligini jahon olimlari tasdiqlashgan. Tabiiy fanlarni oʻrganishda Sharq allomalari dunyoda yetakchilik qilishgan, oʻz oʻrniga va salohiyatiga ega boʻlishgan.

– Bugun men ilm dunyosiga kirib borayotgan oʻzbek yoshlari oʻz ajdodlarining ushbu yoʻlidagi mashaqqatli zaxmatlarini oʻziga odat qilib olishgan degim keladi. Mustaqillikdan soʻng  yoshlarimiz ilm- fanda, texnikada, sportda va boshqa sohalarda oʻz oʻrinlariga ega boʻlib borishmoqda, — deydi Turon akademiyasi akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori  Dilorom Yormatova.

Olima fan olamida oʻz oʻrniga ega boʻlish bilan birga farzandlarining ziyoli boʻlib voyaga yetishiga eʼtibor berib kelmoqda. Qizi Husnobod Xushvaqtova ham  iqtisod fanlari nomzodi, oliy oʻquv yurtida taʼlim beradi.  Olimaning nevarasi Husnobodning qizi Toshkent shahridagi Inter Xauz litseyining oʻquvchisi Shahnoza Qayumova oʻtgan yil noyabr oyida  Pokistonning Laxur universitetida dunyo yoshlarining “Tinchlik, birdamlik va yoshlar hamkorligi “ mavzusida Halqaro Sammitida ishtirok etishga muyassar boʻldi. U bunga qanday erishdi?!

 Shahnozani ota-onasi tilga boʻlgan qiziqishini sezishib, 4 sinfdan boshlab ingliz tili boʻyicha oʻqitish kurslariga olib borishdi. Natijada bu kichkina tirishqoq qiz litsey oʻquvchisi boʻlguncha ingliz tilini mukammal bilib oldi.

U odatdagi internet xabarlari bilan tanishuvida,  ushbu Sammit haqidagi xabarni oʻqib qolib, Laxur universitetidagi Sammit tashkilotchilariga xat yozadi. Oradan koʻp oʻtmay Shahnozaga Sammit tashkilotchilaridan qatnashishini hohlasa oʻz yurtidagi yoshlarning hayoti, qiziqishlari bilan jahon yoshlarini tanishtirishi mumkinligi toʻgʻrisida taklif xabarini oldi. Buvisiga xatni koʻrsatadi. Uni buvisi qoʻllab quvvatlaydi. Shahnoza buvisi Dilorom Yormatova bilan birga Oʻzbekiston yoshlari va Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari mavzuida slaydali maʼruzasini tayyorladi. Unga buvisi yaʼni Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti professori  Dilorom Yormatovadan yaxshiroq yordamchi boʻlishi mumkinmi! U nafaqat maʼruzalar tayyorlashga yordamlashdi. Balki,  sammit oʻtadigan yigʻilishda ham qatnashdi. Nevarani dastlabki qadamlarini qoʻllab-quvvatlamasdan boʻladimi, axir.

Bu Sammitda dunyoning 36 mamlakatidan kelgan yoshlar oʻz chiqishlari bilan ishtirok etdilar. Litsey talabasi Shahnoza noyabr oyida  besh kun davom etgan Laxur universitetidagi Xalqaro Sammitda Oʻzbekiston yoshlarining bugungi hayoti, imkoniyatlari va qiziqishlarini slaydalari orqali tanishtirdi.  Shuningdek, Shahnoza oʻz slaydalarida Samarqand, Buxora va Xivadagi tarixiy obidalarni koʻrsatib oʻtdi. Shahnoza qilgan maʼruzasi jahon yoshlarida katta taʼsurot oʻygʻotdi va ular Oʻzbekistonga borish istagini bildirishdi.

Yoshgina litsey oʻquvchisi rus, ingliz va turk  tillarini mukammal bilgani uchun, Braziliya, Meksika, Rossiya, Belorusiya, Tunis, Xitoy, Koreya kabi mamlakatlarning yoshlari bilan doʻstlashib oldi. Oʻz doʻstlari bilan telefon, elektron pochtalarni almashishdi. Braziliyadan, Tunisdan, Meksika kabi mamlakatlardagi doʻstlari bilan muloqot qilib jahon yoshlari hayotini oʻrganmoqda va 2019 yil yozida Oʻzbekistonga bir qator mamlakatlardan keladigan doʻstlarini kutib olish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda.  Ularni  oʻz litseyi va ona Vatani bilan tanishtirishni niyat qilgan. Albatta, bu ishda unga eng yaqin yordamchi buvisi Dilorom Yormatova. Chunki u nabirasi bilan birga  xorijga birinchi marta chiqayotganini eʼtiborga olib xorijga birga borib Sammitda qatnashib keldi.

Shahnoza Qayumovani suhbatga tortamiz. Sogʻlom turmush tarzi haqidagi fikrlarini soʻraymiz. U buvisiga oʻxshab faylasufona javob qiladi: «Sogʻlom turmush tarzi avvalo aqliy va maʼnaviy sogʻlom fikrlash, toʻgʻri ovqatlanish, tartibli hayot kechirish- pokizalik, kattalarni hurmat qilish va ularning hayotini kuzatib , ulardan ezguliklarni, milliy qadriyatlarni oʻrganish».

Yana soʻrayman: Litseyda qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh rishtalarining salbiy oqibatlari xususida ham suhbatlar oʻtkaziladimi? 

«Albatta, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh rishtalari koʻp boʻlmasada uchrab turibdi. Bu munosabatlar, avvalo genetikaning aynishiga yaʼni nasl buzilishiga sabab boʻlmokda. Erta turmush qurish, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh rishtalari tufayli jismonan nogiron va aqlan nosogʻlom bolalar dunyoga kelishi mumkin. Sogʻlom dunyoga kelgan bolalarning ham boʻyi pastlab ketmoqda. Eslab qolish qobiliyati ham sustlashmoqda. Bu esa jamiyatimizda turli muammolarni keltirib chiqaradi.  Bittagina misol: hammamiz bilamizki, oilada sogʻlom bolaga nisbatan  kasalvand bolaga koʻproq mablagʻ sarflanadi. Jamiyatda ham xuddi shunday».

Shahnoza Qayumovani kuzatib, soʻzlarini tinglab, buvisining bolaligini tassavur qilaman. Buvisining, ota-onasining taʼsirini his qilaman. Axir buvisi issiq- sovuqqa chidamli, qut-barakali  yangi oʻsimlik navlarini yaratish borasida koʻp izlanadi. Bu sohaga munosib hissa qoʻshganligi tufayli fan olamida oʻz oʻrniga ega. Talabalarga ekologiyadan saboq berayotganida tabiatni inson bilan uygʻunlashtirib tushintiradi. Sogʻlom turmush tarziga alohida eʼtibor beradi. Oʻzining sogʻlom turmush tarzi haqidagi mulohazalarini  talabalari va nabiralariga ham singdirishga intiladi. Uch avlod vakillarini kuzatib, oʻzbekning ziyoli va ahil oilasi koʻz oldingizga keladi.

Shahnoza Qayumova ana shu ulugʻvor maktabdan taʼlim olib  hayotda, ijodda oʻz oʻrnini topishga intilayotgan izlanuvchan, tashabbuskor bugungi  oʻzbek yoshlarining  biridir.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist 

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida “Ahil oila maktabi”  loyihasi asosida tayyorlandi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.