Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo boʻladi” – Prezident

0
149
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni elektromobil tarmogʻini rivojlantirish va xizmat koʻrsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizning 2022-2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish boʻyicha ham maqsadlar belgilangan. Shu yil 14 fevralda oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari bu haqda aniq koʻrsatmalar bergan edi.

Taqdimotda “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari bu borada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, oʻzlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi. Elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, quvvatlash stansiyalari tarmogʻini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

– Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni maʼqul koʻryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Haqiqatan ham, elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravar, tabiatga zarari esa 3 baravar kam. Rivojlangan mamlakatlarda bunday transportlardan foydalanish koʻpaymoqda. Albatta, buning uchun katta infratuzilma kerak.

Masalan, dunyoda har 20 ta elektromobilga bitta quvvatlash stansiyasi toʻgʻri keladi. Yurtimizda esa bunday joylar atigi 50 ta boʻlib, asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat koʻrsatish markazlari yoʻq.

– Har bir qarorimizda bir yillik emas, oʻn yilliklarni koʻzlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo boʻladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi, – dedi Prezident.

Shu bois, sohada tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qoʻshma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari elektrombillarning narxi arzon boʻlishi kerakligiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu esa butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bogʻliq.

Misol uchun, elektromobil tannarxining 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr oʻtkazgichlar tashkil qiladi. Yurtimiz zaminidagi litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol oʻzimizda ishlab chiqarish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 20 ta elektrobus harakatlanmoqda. Kelgusi yilda poytaxtimizga yana 200 ta, Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan. Bunday transportlarni boshqa shaharlarda ham yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

Elektromobillarga xizmat koʻrsatish tarmogʻini kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Bu stansiyalarga ham yer, mulk va foyda soligʻidan imtiyoz qoʻllaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.

Bu tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhimligi ham taʼkidlandi. Turin politexnika universitetida elektromobillar boʻyicha ilmiy laboratoriya tashkil etilishi, professor-oʻqituvchi va mutaxassislar Xitoy, Germaniya, AQSH, Koreya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi aytildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.