Bunyodkorlik loyihalari haqida axborot berildi

0
38
marta koʻrilgan.

Davlat rahbariga Toshkent shahridagi bunyodkorlik loyihalarining borishi haqida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda poytaxtimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Koʻplab turar joylar, ishbilarmonlik markazlari, korxonalar, xiyobonlar barpo etildi. Endi urbanizatsiya jarayonlarida uzoqni oʻylab, qurilishlar shahar tashqarisida amalga oshirilmoqda.

Ulardan eng muhimlari – Olimpiya shaharchasi va Yangi Toshkent loyihalaridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 9 noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Uning maydoni 100 gektar boʻlib, 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi. Bu yerda 2025 yilda Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari oʻtkaziladi.

Loyiha dunyoning 70 ta mamlakatida sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Qurilishga mingdan ziyod ishchi va muhandislar, ilgʻor texnikalar jalb qilingan. Hozirgi kunga qadar 7 ta asosiy binoning yer osti ishlari toʻliq bajarilgan. Navbatdagi bosqichlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Ushbu hudud yaqinida yana bir shahar – Yangi Toshkent qurilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari joriy yil 18 mart kuni unga tamal toshi qoʻygan edi. Loyihaning birinchi bosqichida 60 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, davlat idoralari uchun maʼmuriy binolar, bogʻlar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etiladi.

Taqdimotda shu boradagi dastlabki ishlar haqida axborot berildi. Bugungi kunda shaharni loyihalashtirish va qurilishni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzilgan. Hudud chegaralari tasdiqlanib, Kadastr agentligi bilan inventarizatsiya qilingan. Infratuzilma va meʼmoriy yechimlarning turli bosqichlari boʻyicha Singapur, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Turkiya kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilgan.

Xususan, Singapurning “Meinhardt group” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada ijtimoiy soha obyektlari joylashuvi, transport tarmoqlari va ularni poytaxtimiz bilan bogʻlovchi yoʻllarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Taqdimotda, shuningdek, Islom sivilizatsiya markazining ichki meʼmoriy qiyofasi haqida ham maʼlumot berildi. Markazdan oʻrin oladigan muzeyda mutafakkir bobolarimizning ilmiy merosi, ular yashagan davr muhiti aks ettiriladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni oʻz vaqtida, sifatli barpo etish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.