Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Bu bosqichda 60 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, davlat idoralari uchun maʼmuriy binolar, bogʻlar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi oʻrganildi.
Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish moʻljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi boʻgʻinlar va quyi tashkilotlarni oʻz ichiga oladi.
Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yoʻl xaritasi” boʻyicha ham axborot berildi. Albatta, bunday ulkan loyihani amalga oshirish uchun ish, avvalo, infratuzilma yaratishdan boshlanadi. Qayd etilganidek, bunda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qoʻllaniladi. Masalan, “uch-generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan oʻtkaziladi.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib boʻladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu yerdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun er osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta koʻprik bunyod etiladi.
Davlatimiz rahbari boʻlajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini taʼkidladi. Inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar koʻp boʻlishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent yerusti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida boʻldi. Jumladan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr boʻsh joy bor. U yerda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut maydonchalari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin. Bu borada Berlin shahri tajribasi oʻrganilgan.
Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni taʼminlab, aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.