Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimizning faol tashqi siyosati tufayli xalqaro aloqalar kengayib bormoqda. Toshkent ishbilarmonlik va turizm markaziga aylanmoqda. Shu bois transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotir.
Soʻnggi yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinib, yoʻlovchilarga sharoit yaxshilandi. Xizmat turlari, roʻyxatdan oʻtkazish va samolyotga chiqish yoʻlaklari koʻpaytirildi. Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining joʻnab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Hozirgi kunda aeroportdagi uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, roʻyxatdan oʻtkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvati soatiga 1 ming 200 kishidan 2 ming 400 nafarga yetadi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat koʻrsatish quvvati 300 tonnaga yetadi.
Maʼlumki, 2022 yil 29 avgustda Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga poydevor qoʻyilgan edi. U yerda koʻp qavatli uylar, maktab va bogʻchalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.
Loyihaga koʻra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari boʻladi, 4 ming talaba taʼlim oladi. Universitet qoshida isteʼdodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham boʻladi. Shu tariqa, bu yerda oʻqish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yoʻlga qoʻyilib, taʼlim klasteri yaratiladi.
Taqdimotda universitet konsepsiyasini boyitish boʻyicha fikr almashildi. Yoshlarning tadqiqotlari uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yoʻnalishlarini joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.
Yana bir mutafakkir bobomiz Abu Rayhon Beruniy ham xalqimizning faxru gʻururi. Uning hayot yoʻllari, jahon ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasini ulugʻlash maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani markazida muzey tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli boʻlib, eng ilgʻor qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qoʻllanilishi moʻljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniyning muazzam haykali oʻrnatiladi.
Taqdimotda mazkur loyihalar boʻyicha bir nechta takliflar koʻrib chiqildi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish, qulayliklarni oshirish va sifatli qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.