Buxoro ahli bu zaminning salohiyati va imkoniyatlariga yarasha mehnat qilishi va yashashi kerak

0
172
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni erta tongda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Oʻtganlar xotirasiga Qurʼon tilovat qilinib, Alloh taolodan yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga salomatlik va saodat tilab duo oʻqildi.

Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari rahbarlari, faollar qatnashdi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

–  Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning oʻziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulgʻaygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi koʻradi, –  dedi Shavkat Mirziyoyev.

B.Zaripov 1969 yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

–  Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar boʻlish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulogʻingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan oʻtadi. Agar buxoroliklar «viloyatimizga toʻgʻri kadr kelgan ekan», deb rozi boʻlsa, men ham oʻzimni baxtiyor sezaman, –  dedi Prezident.

Shuningdek, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari boʻlgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani maʼlum qilindi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari boʻyicha maʼruza qildi.

Buxoroning bugungi rivoji maʼqulmi, degan savolga mening javobim: yoʻq. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxoʻrlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik boʻyicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi oʻzgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida oʻrganish, aholi bandligi va daromadini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlandi.

– Endi jamiyatimizda boshqacha yoʻnalish boʻladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi boʻlsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham oʻzgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.

Mavjud 544 ta mahallaning har biri oʻrganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “oʻrta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.

Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida toʻxtaldi. Yangi ish oʻrinlari ochish va oʻz-oʻzini band qiluvchilarga sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay oʻrganish natijasi oʻlaroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga oʻrgatiladi.

Buxoro viloyatida 2021-2022 yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion soʻm boʻlgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Xizmat koʻrsatish sohasi salohiyatini toʻliq ishga solish, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, qadimiy “Gʻijduvon qoʻrgʻoni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlogʻini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlogʻida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardoʻzligi va zargarligi xalqaro festivalini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi taʼlim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida toʻxtaldi.

– Yoshlarda juda koʻp gʻoya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh boʻlsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi boʻladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmogʻini yaxshilash, yoʻllar qurish va taʼmirlash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

– Men hamma viloyatlarimizni yaxshi koʻraman, hurmat qilaman. Lekin Buxoroning imkoniyatlari, salohiyati hech qaysi viloyatda yoʻq. Bu zaminga xudo bergan, uning har qarichi tarix, ilm. Buxoroliklar buning qadriga yetsa hech qachon kam boʻlmaydi, – dedi pirovardida davlat rahbari.

Prezidentimiz Buxoro shahrining Nizomiy mahallasida qurilgan zamonaviy uylarni borib koʻrdi.

Ilgari bu hududda pana-pastqam, kanalizatsiyasi yoʻq uylar boʻlib, shahar koʻrkini buzib turardi. Oʻtgan yili bu yerda 7 qavatli zamonaviy uylar, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev mehnat faxriysi Neʼmat ota Hotamov xonadoniga kirdi. Dasturxon atrofida dildan suhbat boʻldi.

Bu oila oldin shu mahalladagi eski uyda istiqomat qilar edi. Endi barcha ushbu zamonaviy mavzeda yashayotganidan rozi.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy sharoitlarda yashashga munosib ekanini taʼkidladi.

Shu yerda Buxoro viloyatida avtomobil yoʻllari qurish va taʼmirlash, Buxoro shahrida oqova suv inshootlari qurish, eski koʻp qavatli uylar qiyofasini yangilash rejalari haqida axborot berildi.

Shu bilan Prezidentimizning Buxoro viloyatiga safari yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.