Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida aholi bandligini taʼminlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari viloyatlarga tashriflari chogʻida birinchi galda ishsizlik masalasiga eʼtibor qaratib, uni kamaytirishni asosiy vazifa qilib qoʻyadi. Bu borada barcha hududlarda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi boʻlib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda. Bularning hammasini inobatga olib, Buxoro viloyatini 2023-2025 yillarda aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirish maqsad qilingan.
Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Masalan, paxta-toʻqimachilik va gʻallachilik klasterlari. Buxoroda 11 ta shunday tashkilot boʻlib, ular tomonidan sanoat va qishloq xoʻjaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish oʻrni ochilishi moʻljallanmoqda.
Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori boʻlgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.
Joriy yilda 15 ming gektar ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu yerlar yangi dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi. Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 250 mingta ish oʻrni yaratilishi, 2023-2025 yillarda Buxoro viloyati aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirilishi qayd etildi.
Taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorakoʻl tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari mazkur takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha topshiriqlar berdi.