Buxoroda investitsiyalarni koʻpaytirish, kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirish asosiy vazifa boʻladi

0
23
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni Buxoro viloyatida qoʻshimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish oʻrinlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Avvallari bu hudud iqtisodiyoti, asosan, qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan edi. Oxirgi yetti yilda viloyatga 4 milliard dollardan ziyod investitsiyalar jalb etilib, energetika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va charm sanoati kabi koʻplab tarmoqlar rivojlandi. Joriy yilning oʻtgan davrida Buxoroga 1,5 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining 31 may-1 iyun kunlaridagi amaliy tashrifi hudud rivojiga qoʻshimcha turtki berdi. Unda belgilangan vazifalar yil yakunigacha toʻla amalga oshiriladi.

Endi kelayotgan 2025 yilda iqtisodiy koʻrsatkichlarni yanada oshirib, aholi bandligi va farovonligini taʼminlash zarur. Shu maqsadda ishchi guruh tomonidan viloyatdagi qoʻshimcha imkoniyatlar, tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan omillar oʻrganilgan.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatning iqtisodiy koʻrsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni oʻzlashtirish, kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga oʻtadi. Butun eʼtibor shu uchta yoʻnalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyihani amalga oshirib, 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambagʻallikdan chiqarish lozim.

Qayd etilganidek, viloyatning har bir hududini sanoatning muayyan tarmogʻiga, masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini qurilish materiallari hamda toʻqimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondor oziq-ovqat, Gʻijduvon va Romitanni kimyo sanoatiga ixtisoslashtirish kerak. Bu tadbirkorlarning 150 million dollarlik loyihalariga yoʻl ochadi. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 mingta ish oʻrni paydo boʻladi.

Vobkent, Qorakoʻl, Jondor va Olotda 320 million dollarlik 4 ta toʻqimachilik korxonasi qurish loyihalari bor. Natijada tayyor trikotaj va toʻqimachilik mahsulotlari hajmi 2 barobar oshadi, 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Kelgusi yil Buxoroda xorijiy turistlar soni 2,2 millionga, turizm eksporti 600 million dollarga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 mingta hunarmandchilik rasta va doʻkonlari barpo etilishi bunga katta hissa qoʻshadi.

Qoʻshimcha 20 ming gektar yer maydonlarini oʻzlashtirish moʻljallangan. Buning hisobiga qoʻshimcha 100 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi va 2 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi. Tomorqalar, dala cheti va kanallar atrofidagi boʻsh yerlarda ham qoʻshimcha daraxt va oziq-ovqat mahsulotlari ekiladi.

Yana bir imkoniyat – yaylovlar. Buxoro viloyatida 2 million gektardan ziyod shunday yerlar bor. Kuni kecha meva-sabzavotchilikni rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishdan kelib chiqib, hozirda foydalanilmayotgan yaylovlarda pista yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Yigʻilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish moʻljallangani aytildi. Ularda 105 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi, 350 million dollar eksport boʻladi.

Davlatimiz rahbari bu rejalar viloyat uchun yetarli emasligini taʼkidlab, saʼy-harakat va natijalarni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Takliflarni yana bir bor koʻrib chiqib, qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.