Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi ulkan loyihalarga asos boʻlishi yaxshi anʼanaga aylangan. Bu gal ham shunday boʻldi – Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda soʻnggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga koʻpayib, birgina oʻtgan yilda 553 trillion soʻmni tashkil etdi. Buxoroda esa bu koʻrsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trillion soʻmga yetdi.
Viloyatda 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41 ta va yana shuncha qiymatdagi 39 ta mahalliy loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda.
Endi yana uchta yirik inshoot – gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihalarning ahamiyati haqida soʻzladi.
Ulardan biri “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan yurtimizdagi birinchi zavod boʻladi.
Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSH, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilgʻor texnologiyalari keltirib oʻrnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, yurtimiz va jahon bozorida talab yuqori boʻlgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga koʻra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar koʻp qoʻshilgan qiymat beradi.
Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan taʼminlanadi. Shuningdek, u qurilish, toʻqimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda oʻnlab korxonalar, yana 4 mingta ish oʻrni ochilishiga turtki boʻladi.
Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi.
Iqtisodiyotning barqaror oʻsishi elektr energiyaga boʻlgan talabni yiliga oʻrtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari barpo etib borilmoqda.
Soʻnggi yillarda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Bugungi kunda xorijiy sheriklar bilan jami 19 milliard dollarlik 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.
Joriy yilning oʻzida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada yurtimizda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030 yilgacha bu koʻrsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bunda, albatta, serquyosh Buxoro alohida oʻrin tutadi. Hozirgi kunda viloyatda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Endi ularning safiga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qoʻshiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025 yil dekabrda yagona elektr tarmogʻiga ulanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030 yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.
Startdagi yana bir loyiha – yangi xalqaro aeroport.
Davlatimizning ochiqlik siyosati natijasida dunyo bilan aloqalar jadallashdi. Oʻzbekistonda 90 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi.
Bularning natijasida yurtimizga keluvchilar koʻpaydi. Oxirgi 2 yilda xizmatlar eksportining 40 foizi turizm sohasiga toʻgʻri kelgan. 283 ta mehmonxona, 486 ta xostel, 1,2 mingta oilaviy mehmon uyi barpo etilgan. Turizm oqimi 35 foizga oshgan.
Xususan, birgina 2023 yilda Buxoroga 1 million 400 mingga yaqin xorijiy turistlar tashrif buyurgan.
Bu kabi omillar viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini koʻpaytirishni talab etmoqda. Shu bois xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish koʻzda tutilgan.
226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Yoʻlovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi.
Shu yerda Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.