Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 martdagi PQ-3598-son qarori
Buyuk maʼrifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va doʻstlik kuychisi Abay Qoʻnonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilayotgan bugungi kunda Abay Qoʻnonboyev singari ulugʻ allomalarning oʻlmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim maʼno va ahamiyat kasb etadi.
Abay Qoʻnonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuygʻulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olib hamda oʻzaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulugʻ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va jamoatchilik vakillarining xalqimizning qardosh Qozogʻiston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorugʻ kelajagiga boʻlgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi sifatida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilishni tashkil qilish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
Ushbu chora-tadbirlar rejasida:
Abay Qoʻnonboyevning “Saylanma” asarini hamda “Oʻzbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar toʻplamini nashrga tayyorlash va chop etish;
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va oʻzbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiyani tashkil etish;
har yili shoir tugʻilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida oʻrnatilgan Abay Qoʻnonboyev haykali poyiga gul qoʻyish marosimi va mushoira oʻtkazish;
oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar koʻrik-tanlovini oʻtkazish;
ommaviy axborot vositalarida Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodi haqida turkum koʻrsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish;
Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish;
mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari koʻzda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga qaror ijrosi bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev