BYD bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi

0
45
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mazkur korxona shu yil 27 iyun kuni davlatimiz rahbari ishtirokida ishga tushirilgan edi. U BYD yengil avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Xitoydan tashqaridagi ilk zavod boʻldi.

Bugungi kunda BYD yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar – elektromobillar va gibridlarni ishlab chiqarish va sotish boʻyicha dunyoda yetakchi kompaniya hisoblanadi. U eng yaxshi texnologik baza, innovatsion yechimlar va sifat nazorati tizimlariga ega.

Oʻzbekistonga bunday yirik kompaniyaning kirib kelishi, avvalo, mamlakatdagi jozibador investitsion muhit va siyosat, shuningdek, avtomobilsozlik sohasida muhandis kadrlar, ishlab chiqarish bazasi, xomashyo va logistika salohiyati borligi bilan bogʻliq.

“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar toʻgʻrisida axborot berdi.

Qayd etilganidek, toʻliq ishlab chiqarish jarayonini ishga tushirish doirasida Oʻzbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa koʻplab komponentlar ishlab chiqarilishi boʻyicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil oʻtkazildi.  

Aholining yengil avtotransport vositalariga boʻlgan ehtiyojini qondirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va byudjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini oʻtkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi.

Shuningdek, zamonaviy texnologiya va standartlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki savdo, servis va kafolat yoʻnalishlarida ham tatbiq etish masalasi dolzarb boʻlib qolmoqda. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini oladi hamda avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.

BYD bilan hamkorlik mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ham oʻz ichiga oladi. Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni oʻqitish boʻyicha muhandislik oʻquv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ishlab chiqarish hajmini belgilangan koʻrsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qoʻshma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari boʻyicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish boʻyicha aniq vazifalarni qoʻydi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.