Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan koʻrsatkichlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Birinchi chorakda mamlakatimiz boʻyicha byudjet tushumlari toʻliq hamda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar koʻp bajarildi. Chorak yakuni boʻyicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard soʻm ortigʻi bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ qoldi.
Mahalliy byudjetda qancha koʻp daromad boʻlsa, dolzarb ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin, dedi davlatimiz rahbari. Qoʻshimcha mablagʻlar, jumladan, Beshta tashabbus, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Ichimlik suvi”, “Har bir oila — tadbirkor” kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur boʻladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifaning ahamiyatini hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga tushumlar prognozi 9 tuman va shaharda bajarilmagan.
Ayniqsa, Toshkent shahrining oʻn bitta tumanidan yettitasida tushumlar prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi.
Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlari tomonidan byudjetga tushumlarni taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.
Bunday holatlar viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qoʻmitasiga mahalliy byudjetga tushumlar prognozi bajarilmagan qator tuman va shahar soliq idoralari rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy koʻrib chiqish topshirildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.
Prezidentimiz soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda koʻp vazifalar turganini taʼkidladi.
Jumladan, joriy yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan. Lekin, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmagani sababli ushbu tizimga oʻtgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.
Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qoʻmitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Oʻzbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Byudjet tushumlarini taʼminlashdagi asosiy toʻsiqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.
Prezidentimiz bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini taʼkidladi. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirildi.
Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsmanga hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish va faoliyatini tiklashda ularga koʻmaklashish vazifasi yuklatildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yuqorida koʻrsatilgan muammolar oʻz vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar byudjetga qoʻshimcha kamida 6 trillion soʻm tushishini taʼminlash mumkin.
Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard soʻmdan, Qashqadaryoda 170 milliard soʻm, Andijonda 140 milliard soʻm, Qoraqalpogʻistonda 130 milliard, Fargʻonada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard soʻmdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard soʻmdan, jami qariyb 2 trillion soʻm byudjetga qoʻshimcha mablagʻ tushirish imkoniyati mavjud.
Yigʻilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar ham muhokama qilindi.
Ikkinchi chorakda oʻtgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga koʻp eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi qayd etildi. Jumladan, aprel-iyun oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar koʻp meva-sabzavot mahsulotlari eksportini taʼminlashi zarur.
Davlatimiz rahbari ayrim soha va tarmoq mutasaddilari va hududlar rahbarlarini bu borada mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi.
Eksportbop mahsulotlar boʻyicha qanday ustunlik jihatlar mavjudligi, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qayerga eksport qilish maqsadga muvofiqligi boʻyicha qisqa muddatda amaliy takliflar ishlab chiqishga topshiriq berildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish boʻyicha qator vazifalarni hal etish lozim. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.
Bu sohada “Yagona darcha” tizimi toʻliq joriy etilmagani oqibatida tadbirkorlar oʻz mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi “Yagona darcha” tizimini joriy etish topshirildi.
Davlat bojxona qoʻmitasiga pishiqchilik davrida bojxona postlarining oʻtkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli choralar koʻrish vazifasi yuklatildi.
Prezidentimiz eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari ijrosini toʻliq taʼminlash lozimligini alohida taʼkidladi.
Eksport bozorlarida mamlakatimiz oʻrnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan Gʻallaorol, Zomin, Bulungʻur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xoʻjaligi birlashmalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish zarur.
Shuningdek, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasiga gilos, oʻrik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini taʼminlash maqsadida chet el karantin xizmatlari bilan muzokaralar oʻtkazib, eksportchilarimiz uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini koʻrish topshirildi.
Transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Ushbu muammoni hal etish yoʻlidagi birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida yurtimizga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.
Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yoʻl transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, “yagona darcha” tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan avtomobil transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish boʻyicha taklif kiritishga topshiriq berildi.
Yigʻilishda har bir tarmoq va hudud rahbari eksportdan tushumlar barqaror va oʻz vaqtida kelib tushishi uchun shaxsan javobgar ekani belgilab qoʻyildi.