Cambridge Assessment ekspertlari  Prezident maktablariga qabul jarayonini tashkil etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishdi

0
332
marta koʻrilgan.

Kuni kecha Angliyaning Cambridge Assessment tashkiloti ekspertlari Gvendid Kaudvell (Ms.Gwendydd Caudwell) va Mark Shennon (Mr.Mark Shannon) Prezident maktablariga qabul jarayonini tashkil etish maqsadida yurtimizga tashrif buyurishdi.

Eslatib oʻtamiz, Cambridge Assessment tashkiloti Oʻzbekistonda yangi tashkil etilayotgan Prezident maktablariga qabulni shaffof va adolatli tashkil etishga masʼul tashkilot sifatida tanlangan.

Cambridge Assessment tashkilotining ekspertlari ikki kunlik tashrifi mobaynida Prezident maktablarini tashkil qilish Xalq taʼlimi vazirligi va “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” xodimlari bilan oʻquvchilarning hujjat topshirish tartibi, imtihon kunlari, namunaviy test savollari toʻplamlarini tarqatishga oid masalalarni muhokama qildilar.

Prezident maktablariga qabul Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yurtimiz taʼlim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga koʻra amalga oshiriladi. Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar oʻquvchidan iborat boʻlib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan oʻquvchi taqsimlanadi. Birinchi oʻquv yilida esa har bir Prezident maktabining 5-10-sinflariga jami 144 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi. 

Oʻquv jarayoni xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlar boʻyicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM — taʼlim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiya, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida taʼlim oʻquvchilarning qiziqishlariga koʻra ayrim fanni tanlash va ularni oʻrganish darajasini inobatga olgan holda individual oʻquv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʻladi. Bu esa oʻz navbatida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda birinchi uchta maktab Toshkent, Xiva va Nukusda ochilishi belgilangan edi. 2019 yilda Prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish boʻyicha qaror qabul qilindi. 2020-2021 yillar davomida mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham Prezident maktablari tashkil etiladi.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.