Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni Turkiyaning «Cengiz Holding» kompaniyasi boshqaruvi raisi Mexmet Jengiz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, Turkiyaning yetakchi koʻp tarmoqli xoldingi ishtirokida Oʻzbekistonda ikkita loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi – Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 460 megavattli zamonaviy elektr stansiyalar ishga tushirildi.
Uchrashuv chogʻida davlatimiz rahbariga ushbu energetika obyektlarining koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil axborot berildi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz Jizzax viloyatida quvvati 500 megavattdan ziyod boʻlgan yana bir elektr stansiya qurilishiga start berdi.
«Cengiz Holding» kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari taqdimot qilindi.
Avtomobil yoʻllari va tunnellarni modernizatsiya qilish va qurish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va istiqbolli foydali qazilma konlarini oʻzlashtirish, energetika infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik shartlarida boshqarish shunday loyihalar jumlasidan.
Oʻzbekiston yetakchisi turkiyalik investor ishtirokidagi istiqbolli loyihalarni tez fursatda tayyorlash va toʻliq amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.