Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 may kuni charm va ipak sanoatini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda koʻplab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, tez fursatda ish oʻrni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va oʻrta korxonalar ham kerak. Bu borada eng katta imkoniyat mahalliy sanoat tarmoqlarida.
Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishlarda tadbirkorlik uchun keng sharoit yaratildi. Masalan, charmga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilindi. Yangi loyihalar uchun 40 million dollar arzon resurs berildi.
Oʻtgan yili charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 3 trillion soʻmga yetgan. Lekin shuning yarmi Andijon va Fargʻona viloyatlariga toʻgʻri kelgan. Teri xomashyosi koʻp boʻlgan Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmda bu koʻrsatkich past.
Tarmoq eksportida birlamchi mahsulot oʻrni yuqori, tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz atrofida. Terini qayta ishlash darajasi ham yetarli emas. Bunda chorvachilik klasterlaridan toʻla foydalanilmayapti.
Shu bois endi “Charmsanoat” uyushmasi faoliyati oʻzgartirilib, bu tarmoqqa Xalq banki biriktiriladi. Viloyat hokimlari bilan birgalikda, charmga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarida 100 million dollarlik loyihalar shakllantiriladi.
Shuningdek, Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida charm klasterlari tashkil qilinadi. Ularda suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yoʻnaltiriladi. Loyihalarga tabiiy va sunʼiy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar jalb etiladi. Buning uchun sorsing kompaniyalariga sarflangan korxona xarajatining 30 ming dollargacha qismini qoplab berish yoʻlga qoʻyiladi.
Chorvachilik klasterlariga ozuqabop ekin uchun yer hamda zotli qoramol uchun kam foizli kreditlar ajratiladi.
Yigʻilishda ipakchilik tarmogʻi ham atroflicha tahlil qilindi.
Oxirgi yillarda bu yoʻnalishda ham klaster tizimi joriy etildi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urugʻchilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga kengaydi. Bularning natijasida pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar koʻpaydi.
Lekin ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi yetarlicha rivojlanmagan. Oqibatda pilla olishda yoʻqotish nisbatan koʻp.
Asosiy eksport haligacha xomashyo boʻlib qolayapti. Shu bois pillani chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot hajmini, mato va uy tekstili quvvatlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi. Bu orqali dunyoda ipak mahsulotlari importining 45 foizi toʻgʻri kelayotgan Yevropa bozoridan oʻrin olish kerak.
Pillachilikda eng dolzarb masala – ozuqa. Buning uchun yangi navli hosildor tut ekishni kengaytirish zarur. Shuningdek, paxta maydonlari chetiga bir-ikki qatordan tut ekilsa, qoʻshimcha ozuqa manbai yaratiladi.
Hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilish uchun 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga boʻlinib, auksion orqali aholiga beriladi, auksionda yerning boshlangʻich narxi 10 foiz etib belgilanadi. Band boʻlmagan aholi, jumladan ayollar monomarkazlar va pillachilik klasterlarida qisqa kurslarda oʻqitiladi.
Shu paytgacha pillaning xarid narxi pastligi uchun odamlarda manfaatdorlik past edi. Prezidentimizning kuni kecha imzolangan ipakchilikni rivojlantirishga oid farmoniga koʻra, pillaning xarid narxi 25 foizga oshirildi. Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer soligʻining 10 foizi toʻlanadigan boʻldi.
Tarmoqda samaradorlikni oshirishning yana bir yoʻli – muqobil usullarni qoʻllash. Masalan, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yoʻlga qoʻyilgan. Bu yangi yoʻnalishni oʻzimizning iqlim sharoitimizga moslab, tatbiq qilish mumkin.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut oʻsimligi hamda qurti urugʻlarini olib kelib, Ipakchilik institutida sinovdan oʻtkazish topshirildi.
Hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etish boʻyicha qator topshiriqlar berildi.
Aholi bandligi va mahalliy sanoatda gilam ishlab chiqarishning ham oʻrni bor. Oʻtgan yili bunday korxonalarga markazlashgan holda polipropilen olib kelish yoʻlga qoʻyilgani oʻz samarasini berdi. Bu tajriba davom ettirilib, mablagʻ ikki karra koʻpaytirilishi, valyuta tushumigacha boʻlgan vaqt inobatga olinib, tadbirkorlarga polipropilen 1 yilgacha muddatga berilishi aytildi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari ushbu sanoat tarmoqlaridagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Ularning muammolari va takliflari asosida mutasaddilarga Yevropa sertifikatini olishda tadbirkorlarga koʻmaklashish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, chet ellardagi savdo uylarida milliy charm, gilam va ipak mahsulotlarini ham joylashtirish, malakali oʻrta boʻgʻin xodimlarini tayyorlash va boshqa masalalar boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala – Sayxunobod tajribasining joylardagi ijrosiga qaratildi.
Bu boradagi ishlar natijasida aprel oyining oʻzida 365 ming aholi bandligi taʼminlangan va tadbirkorlikka jalb qilingan. Banklar oʻz mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming kishining ishli boʻlishiga sharoit yaratgan. Mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan. 465 ming gektar tomorqaga ekin ekilgan.
Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, oʻrganish oʻtkazilgan 7 ta tumanda oʻnlab tomorqalarda mahsulot ekilmagan.
Sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar masʼullar ishdan olingani maʼlum qilindi.
Prezidentimiz bandlik va aholi daromadi masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidlab, barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Sayxunobod tajribasi boʻyicha ishlarni tuman va mahalla kesimida sifatli tashkil etish, aholiga doimiy ish oʻrni va daromad manbai yaratish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Mahallalardagi yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi.
Joriy yilning toʻrt oyida 115 ming nafar xorijda ishlayotgan fuqarolar yurtimizga qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi kutilmoqda. Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga migratsiya boʻyicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish vazifasi qoʻyildi.
Muhokama qilingan vazifalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlarining axboroti eshitildi.