Konkur boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ot sporti olamidagi nufuzli musobaqaning finalida ishtirok etish uchun Barselonaga yoʻl oldi. Jamoamiz Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Rossiyada oʻtkazilgan barcha saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan va Yevrosiyo divizionining 11 mamlakati orasida yagona final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi.
Ot sporti dunyosida Olimpiya oʻyinlaridan soʻng turuvchi ushbu obroʻli tadbirlardan biri aynan Millatlar kubogi musobaqasidir. Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) barcha milliy federatsiyalarni joylashuviga koʻra saralash bosqichlari oʻtkaziladigan 7 ta mintaqaga ajratdi va eng kuchli 18 ta jamoa (1 ta jamoada 4 ta chavandoz) yakuniy turnirga yoʻllanma oladi. Kubok finali har yili kuzda Ispaniyada boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun: ot sporti boʻyicha eng qadimiy turnirlardan biri boʻlgan Millatlar Kubogi 1909 yildan Yevropa mamlakatlarida oʻtkaziladi va 1930 yildan Xalqaro ot sporti federatsiyasi uning asosiy tashkilotchisiga aylandi. Yaqinda yoʻlga qoʻyilgan Millatlar kubogining shiori – “Milliy gʻurur, xalqaro shijoat”ga aylandi. Bu turnirning ruhini eng yaxshi tarzda ifoda etadi, deya hisoblaydi tashkilotchilar. Tarixda Millatlar kubogining nomi bir necha bor oʻzgardi: Qirolicha kubogi, Prezident kubogi, Shahzoda Filipp kubogi.
Taʼkidlash joiz, respublikamizda ot sportining eng rivojlangan turi konkur boʻlib, chavandozlarimiz uchun FEI Millatlar Kubogi finaliga chiqish katta orzu edi. Har yili aprel oyida chavandozlarimiz shaxsiy hisobda Jahon kubogi yoʻllanmasi uchun mintaqamiz vakillari bilan bahslashadilar. 2020 yil oxiridan boshlab vaziyat oʻzgardi. Ot sporti boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yangi tashkil etilgan Yevroosiyo yilqichilik va ot sporti assotsiatsiyasiga qoʻshildi. 2021 yil 21-25 aprel kunlari Toshkent viloyatining “Universal Jumping Agro” ot sporti klubida ot sporti boʻyicha xalqaro musobaqa – “FEI Jumping Nations Cup Eurasian League” turniri boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston jamoaviy bahsda 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Ispaniyada oʻtkaziladigan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida quyidagi sportchilar ishtirok etishadi: Bahromjon Gaziyev, Umid Komilov, Bekzod Qurbonov, Aʼzam Tolibboyev. Ishtirokchi davlatlarning toʻliq roʻyxati: Belgiya, Braziliya, Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, AQSH va Oʻzbekiston.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi oʻzbek ot sporti tarixida ilk bor mana shunday musobaqada ishtirok etish arafasida turgan jamoamizga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilab qoladi.